Qorovulbozor: “Istiqlol” fermer xo‘jaligi faoliyatida yana bir tarmoq ochildi
2026-06-26 16:05:00 / Yangiliklar
Qorovulbozor tumanining “Navbahor” hududida faoliyat olib borayotgan “Istiqlol” fermer xo‘jaligi 1998-yilda tashkil topgan, katta tajribaga ega subyektlardan. Hozirda 300 gektardan iborat ekin yeriga ega fermer xo‘jaligi rahbari Hasan Ro‘ziev “yer bilan tillashadigan” mirishkor dehqonlardan sanaladi.

Mazkur fermer xo‘jaligi 125 gektar maydonda serhosil navlarga mansub g‘alla yetishtirib, o‘tgan yilgi mavsumda 375 tonnalik davlat rejasini qariyb 100 tonna ortig‘i bilan bajargan. Joriy yilda ham xo‘jalikda barakali g‘alla yetishtirish, har gektar hosildorligini 85 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.
Paxtachilik tarmog‘ida ham faol bo‘lgan xo‘jalik mehnatkashlari 100 gektar yer maydonida “Xin Lu Zao-57” navli chigit ekib, g‘o‘za parvarishlamoqdalar. Davlat shartnomasiga binoan 216 tonna xom ashyo topshirish majburiyatini olgan xo‘jalikda hozirda agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borilmoqda.
— O‘tgan yillarda mahalliy navlarga xos urug‘ ekkandik. Bu yil xorijiy nav ekib yetishtirdik. O‘tgan yilgi kabi joriy yil hosildorlikni birinchi terimdayoq 50 sentnerga yetkazish imkoniyati mavjud. Bu degani, rejani 200 foizga yetkazib bajarmoqchimiz,—deydi fermer.
Takroriy ekin o‘rnida Hasan Ro‘ziev o‘z dalasida 2 gektar maydonda piyoz, 1 gektar yerda sabzi ham ekib yetishtirishda faol. Piyozdan 40-45 sentner, sabzidan 200 sentnergacha hosil olinayotgani jamoa mehnatkashlari ro‘zg‘ori butligiga hissa qo‘shmoqda. Ayni paytda “Istiqlol” fermer xo‘jaligida 20 nafardan ortiq ishchining doimiy bandligi ta’minlangan bo‘lib, yangi tarmoqlar yo‘lga qo‘yilishi kelgusida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini ham kengaytiradi.
Xo‘jalik ko‘p tarmoqli faoliyati bilan ham ajralib turibdi. Unda chorvachilik tarmog‘i muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, endilikda yana bir loyiha sifatida parrandachilikni rivojlantirish ishlari jadal boshlangan. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatidan 400 bosh dominant zotli tuxumdor tovuqlar keltirilib, parvarishlash yo‘lga qo‘yilgani quvonarli, albatta. Fermer xo‘jaligida zotdor tovuqlarni inkubatsiya qilish orqali ko‘paytirish ishlari ham tashkil etilgan.
—Mehnatlarimiz samarasi o‘laroq joriy yilda g‘alladan mo‘l hosil yig‘ishtirib olmoqdamiz. Hademay, mo‘l hosil yaratib, rejani ortig‘i bilan bajarib yuzimiz yorug‘ bo‘lishiga ishonamiz,—deydi fermer Hasan Ro‘ziev.—Endilikda daromadimizdan yangi texnikalar xarid qilish, ishchilarimiz moddiy manfaatdorligini oshirish harakatidamiz. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga ozuqa ekin sifatida makkajo‘xori hamda kechki kartoshka ekmoqdamiz. Bu ham xo‘jaligimiz iqtisodiy imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









