Olot: “Bo‘ribek Chandir” mahallasida bunyodkorlik ishlari jadal bormoqda
2026-06-26 10:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, mahallada xizmat ko‘rsatish markazi faoliyat boshladi. Bu maskan aholiga turli xizmatlardan samarali va qulay foydalanish imkoniyatini yaratib, fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilib tashvishlarini yengillashtiradi.
Loyiha doirasida mahallaning ichki infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, markazdagi ko‘chaning yonidan 1 ming metr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi (salomatlik yo‘lagi) barpo etilmoqda. Mazkur loyiha uchun 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana 2 ming metr masofadagi elektr tarmog‘ini shay holga keltirish, liniyani yangilash uchun 150 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Mahalla ko‘chalariga 25 dona zamonaviy tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda. Buning uchun ham 150 million so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Bundan tashqari, ichki yo‘llarni ta’mirlab, asfaltlashtirish va shag‘allashtirish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda hududda qurilish va obodonlashtirish ishlari “Kelajak omad yo‘l qurilish” MChJ ishchi-mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari mahalla ahlining kayfiyatini ko‘tarib, ularning qalbida shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
Eng muhimi, mazkur loyihalar natijasida mahalla yanada obod va fayzli maskanga aylanib, aholining turmush darajasi va hayot sifati yaxshilanmoqda. Bugun Bo‘ribek Chandir mahallasida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari yurtimizda inson manfaatlari, aholi farovonligi va hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Mahalla ahli amalga oshirilayotgan ishlardan mamnun bo‘lib, yaratilayotgan qulayliklar uchun minnatdorlik bildirayotganlari esa bunyodkorlikning teran e’tirofidir. Tobora chiroy ochayotgan olis mahallada obodlik va taraqqiyot sari odimlar izchil davom etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







