Shofirkon: obod mahallalar va zamonaviy infratuzilma sari katta qadam
2026-06-26 10:00:00 / Yangiliklar
Har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilayotgan ezgu maqsadlar yo‘lida Shofirkon tumanida ham “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

Mazkur dastur doirasida tumanning ixtisoslashuvi, geografik joylashuvi hamda mavjud infratuzilmaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “solishtirma ustunlik” yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda chekka tumanga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va bu sarmoya hisobidan aholi hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumanda 5 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 5 ta umumta’lim maktabi zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, modernizatsiya qilinadi. Shu bilan birga, sport zallari yangilanib, yoshlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratiladi. Sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash maqsadida 5 ta oilaviy shifokorlik punkti kapital ta’mirdan chiqariladi.
Infratuzilmani yaxshilash ishlari ham keng qamrovda tashkil etilmoqda. Xususan, 19 ta mahallaning ichki yo‘llaridan 24 kilometr qismi asfaltlashtirilishi, aholi xavfsizligi va qulayligini ta’minlash maqsadida piyodalar yo‘laklari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, hududdagi xo‘jaliklararo ariqlarning qariyb 5 ming metr masofadagi qismi o‘zanini betonlashtirib, hududni obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Markaziy ko‘chalarning zamonaviy yoritish tizimi bilan ta’minlanishi esa tungi paytda ham aholi uchun xavfsiz va shinam muhit yaratishga xizmat qiladi.
Tumanda amalga oshirilayotgan diqqatga sazovor loyihalardan biri — “Bobur” va “Zarchabek” kollektorlari bo‘yida sohilbo‘yi saylgohlarini tashkil etish ishlaridir. Ushbu loyiha uchun qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ayni kunda kollektor o‘zanining 1,2 ming metr qismida tozalash ishlari boshlab yuborilgan. Keyingi bosqichda sohil hududlariga dekorativ toshlar terilib, zamonaviy landshaft ko‘rinishi yaratiladi.
Loyiha doirasida 2,2 ming metr uzunlikda piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, 1 ming metr uzunlikdagi yo‘l qismi asfaltlashtirilib, hududga 56 ta zamonaviy tungi yoritish chirog‘i o‘rnatiladi. Hozirda qurilish ishlariga 4 ta maxsus texnika jalb qilingan bo‘lib, kollektorlar ustidan o‘tgan kabel tarmoqlari va gaz quvurlarini tartibga keltirish ishlari ham olib borilmoqda.
Yaratilayotgan sohilbo‘yi saylgohlari aholining mazmunli hordiq chiqarishi, oilalarning xush vaqt o‘tkazishi va yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishi uchun xizmat qiladi. Bu yerlarda qulay o‘rindiqlar, kichik hajmdagi favvoralar va zamonaviy dam olish maskanlari tashkil etiladi. Natijada mazkur hudud nafaqat mahalliy aholi, balki mehmonlar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.
Tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi ko‘lamli ishlar “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, aholi turmush darajasini yaxshilash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va mahallalarga yangi qiyofa bag‘ishlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








