Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tantana qilindi
2026-06-25 21:05:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda viloyat hokimining tabrigini viloyat hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Adilov o‘qib eshittirdi va yig‘ilganlarga o‘zining samimiy tilaklarini izhor etdi.
Davlatimiz rahbarining sohaga alohida e’tibori natijasida yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani, matbuot va ommaviy axborot vositalarining jamiyatimizda nufuzi tobora ortib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Tarixga nazar tashlasak, bugun nafaqat soha xodimlari kasb bayrami, balki o‘zbek matbuotining 10-muchal to‘yi ekanligini kuzatishimiz mumkin. Bundan roppa-rosa 120 yil muqaddam, aynan 27 iyun sanasida jadid bobolarimiz jasorati evaziga birinchi o‘zbek gazetasining ilk soni nashr etilgan. Bugunga kelib 2 ta televidenie, 2 ta radio, 20 dan ortiq gazeta, 9 ta internet nashri, 18 ta nashriyotni o‘zida jamlagan Buxoro matbuoti, jurnalistikaning boy tajribalari hamda zamonaviy tendensiyalarini birlashtirgan kuchli media maydoniga aylangani qayd etildi.
— Viloyatimizda davlat va jamoatchilik tashabbuslarini yanada kengroq miqyosda faol targ‘ib etilishida respublika telekanallari va nashrlari o‘z muxbirlari, ijtimoiy tarmoq faollari benazir hissa qo‘shib kelishmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda,—dedi Baxtiyor Adilov. — Ayni kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 50 dan ortiq ommaviy axborot vositasining 70 foizdan ortig‘i nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani, xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ortib, ulardan foydalanuvchilar soni 1,5 millionga yetgani, axborot kontentlarini yaratuvchilar safi kengayib borayotgani, hech shubhasiz, viloyatimizning media sohasidagi salohiyati oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibidagi axborot xizmatlarining faoliyati xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarning qonuniy murojaatlarini o‘rganish borasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani barchamizga yaxshi ma’lum.
Tadbirda faxriy jurnalistlarning matbuot sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari e’tirof etildi. Bu yil yubiley sanalari nishonlanayotgan ustoz-jurnalistlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi. Shu qatorda “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari tahririyati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 100 million so‘mlik sertifikat taqdim etildi.
Shuningdek, Buxoro viloyatini ijtimoiy-ma’naviy yuksaltirish ishiga qo‘shib kelayotgan munosib hissasi, viloyat ijtimoiy hayotidagi faolligi uchun hamda 27 iyun—Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh matbuot, televidenie, matbaa sohasi vakillari, matbuot xizmatlari va internet nashrlari faollari viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyat xushovoz estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi, kuy-qo‘shiq va raqslar kasb bayramini nishonlayotgan tadbir qatnashchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









