Vobkent: Xayrxushdagi 25-sonli maktab yangicha qiyofa kasb etmoqda
2026-06-25 18:40:00 / Yangiliklar
Yurtimizdagi ta’lim muassasalari qatorida Vobkent tumanidagi umumta’lim maktablarini zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash, ularda ta’mirlash va qo‘shimcha o‘quv binolarini barpo etish, o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish borasidagi manzilli sa’y-harakat izchil davom etmoqda.

Bu borada respublika Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi 300-sonli “Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Xayrxush” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 25-sonli umumta’lim maktabida ham mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida maktab binosining energiya tejamkorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, barcha sinf xonalari va zallar issiqlikni saqlovchi zamonaviy pol qoplamalari bilan qoplanmoqda, deraza va eshiklar energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy konstruksiyalarga almashtirilmoqda.
Shuningdek, binoning ichki va tashqi qismi yangilanib, ta’lim maskani zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.
Umumiy qiymati 8 milliard 480 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur loyiha natijasida maktab o‘quvchilari va o‘qituvchi-pedagoglari uchun yanada qulay, zamonaviy, energiya tejamkor muhit yaratilmoqda. Bu esa tumanda ta’lim sifati, yosh avlod salomatligi va ular kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Ayni paytda bunyodkorlik ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Ta’lim maskani mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida, yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshiriladi.
Yangi qiyofa, zamonaviy sharoit va sifatli ta’lim sari tashlanayotgan bu muhim qadam kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning bilim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Umuman, ayni paytda tumanda 42 ta umumta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab va “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, mazkur ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan jami 22 mingga yaqin o‘quvchiga 2 100 nafardan ortiq o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ta’mirtalab yoki ikki navbatda ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan umumta’lim maktablarini talab darajasida qayta qurish yoki qo‘shimcha o‘quv binolarini barpo etishda manzilli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








