Xalqaro ta’lim eksperti Stiv King Qorako‘l akademik litseyida...
2026-06-25 17:15:00 / Yangiliklar
Aniq fanlarga ixtisoslashgan Qorako‘l akademik litseyining 35 yillik faoliyatida erishilgan yutuqlar, jumladan, 5 ming nafardan ortiq bitiruvchini voyaga yetkazib, xalq xo‘jaligiga yosh mutaxassis sifatida qo‘shgan, respublika fan olimpiadalarida 67 ta imtiyozli diplom hamda xalqaro olimpiadalarda 60 ta nufuzli medalni qo‘lga kiritgan ta’lim dargohi mavqei yuksalib bormoqda.

Yakuniga yetgan birgina jjoriy o‘quv yilini olsak, Qorako‘l akademik litseyi bitiruvchilaridan 50 nafari muddatidan oldin 189 va undan yuqori ball bilan yurtimizdagi oliy ta’lim dargohlari talabaligiga tavsiya etilgani, 22 nafar o‘quvchi oltin medal, 53 nafari kumush medal bilan taqdirlangani, shuningdek, 165 nafar bitiruvchi imtiyozli diplom sohibiga aylangani katta yutuq, albatta.
Bu e’tirof Buxoro davlat universiteti tasarrufidagi Qorako‘l akademik litseyiga kuni kecha nufuzli xalqaro ta’lim tashkiloti — “Cambridge University Press & Assessment”ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ta’lim islohotlari rahbari, xalqaro ekspert Stiev King ishtirokida o‘tgan davra suhbatida ham qayd qilindi. Xalqaro ekspertning Qorako‘l maktabiga tashrifi doirasida akademik litseyda “Cambridge University”— Kembridj ta’lim dasturlari asosida o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, istiqboldagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Samimiy o‘tgan uchrashuvda litsey o‘quvchilari tomonidan 1079 ta xalqaro va milliy sertifikat qo‘lga kiritilgani, kitobxonlik tanlovlarida 10 nafar g‘olib yetishib chiqqani, 5 nafar o‘quvchi “Rektor stipendiyasi”, 20 nafar o‘quvchi esa “Litseyimiz iftixori” stipendiyasi sovrindori bo‘lgani qayd etildi. Bundan tashqari, “AIMO” xalqaro olimpiadasida 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgani ham faxr bilan tilga olindi.
Xalqaro ekspert Stiv King akademik litsey pedagogik jamoasi bilan samimiy muloqot olib bordi. Suhbat jarayonida zamonaviy ta’lim metodi, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etishning afzalligi, o‘quvchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmon litseyning kimyo, biologiya va fizika fanlari laboratoriyalari, informatika xonalari hamda zamonaviy jihozlangan o‘quv auditoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Litseyda yaratilgan shart-sharoit, o‘quvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga qaratilgan imkoniyat va bu yerda yaratilgan ta’lim jarayoni yuqori baholandi.
Aytish joizki, bu tashrif akademik litseyda xalqaro ta’lim me’zonlarini joriy etish, Kembridj universiteti dasturlari asosida ta’lim berish hamda o‘quvchilarning global miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





