Olot: Hamroevlar xonadonida ham “Cobalt” avtomashinasi—sidqidil mehnat rag‘bati...
2026-06-24 21:55:00 / Yangiliklar

Dasturxon to‘kinligi, sarxil noz-ne’matlar, qolaversa, sariyog‘, tuxum, go‘sht serobligi ham tomorqa yeri va undan kelayotgan baraka hisobidan ekanligini chandirliklar ham teran tushunib yetishgan. Shu bois, mashaqqatini zimmaga olib, yerdan unumli foydalanib, turmushini farovon qilayotganlar safi mahallada kengayib borayotgani quvonarli.
Shunday mehnatkash xonadonlardan biri—Norqul Hamroevlar oilasidir. Ko‘p yil turli tashkilotlarda buxgalter-hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan Norqul ota bugun nafaqada bo‘lsa-da, tomorqachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, mehnat va harakatdan to‘xtab qolgani yo‘q. Farzandlari, nevaralari ko‘magida otaxon tomorqa yerlaridan unumli foydalanib, yiliga ikki-uch marotaba hosil yetishtirmoqda. Bu sarxil mahsulotlar avvalo oila ehtiyojlarini qondirsa, ortig‘i bozorga chiqarilib, qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda.
Norqul Hamroev “Osiyo taraqqiyot banki” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan “Iqlim o‘zgarishlariga moslashish” dasturi doirasida barpo qilingan ixcham issiqxonasida ayni mavsumda pomidor yetishtirmoqda. Hozirda issiqxonada “Lamera F-1” navli 400 tup pomidor ko‘chati parvarish qilinmoqda. Har bir tupdan o‘rtacha 4-5 kilogrammdan, hademay, birgina pomidordan 2 tonnadan oshirib hosil olinayotgani halol peshona teri samarasi, albatta.
Bundan tashqari, tomorqada xandalak, qovun, bulg‘or qalampiri, loviya yetishtirib kelinadi. Shu bilan birga, og‘ilxonada ham qoramol, sigir-buzoq, qo‘y-echki va parranda parvarishlanayotgani bir oila dasturxoni to‘kinligini, turmushi badastirligini ta’minlabgina qolmay, qo‘shimcha daromad ham keltirmoqda.
Ko‘p yillik mehnat va tomorqadan olinayotgan barqaror daromad tufayli Hamroevlar oilasi yaqinda o‘z orzularidan birini ro‘yobga chiqardi. Oila tomorqa va chorvachilikdan qo‘lga kiritilgan daromad hisobidan yangi “Cobalt” avtomobilini xarid qilgan. Bu esa yerga mehr qo‘ygan insonning mehnati shubhasiz, o‘z samarasini berishi dalolatidir.
—Tomorqasini obod qilib, hosil yetishtirgan odam borki, hech qachon kam bo‘lmaydi. Sidqidil mehnat kishini ulug‘laydi, orzu-havasga yetishtiradi,—deydi Norqul ota.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









