Olot: “Ayol qadri—jamiyat tayanchi”
2026-06-24 17:50:00 / Yangiliklar
Olot tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, daromad vositasi—mehnat dastgohi va -uskunalari ko‘rgazmasi, salomatligiga befarq bo‘lmagan ayollar uchun tibbiy ko‘rik, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatishga doir tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Ayollar daftari”ning 7-bosqichini tashkil etish bo‘yicha viloyat Shtabi rahbari Shavkat Javlonov, Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova hamda tegishli idora va tashkilotlar hamkorligida tuman “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da tashkillashtirilgan mazkur tadbir “Ayol qadri—jamiyat tayanchi” deb nomlandi.
Tadbir doirasida “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga kiritilgan xotin-qizlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb qilish hamda sog‘liq va huquqiy himoyasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, oilaviy farovonlikni oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida etirof etildi.
Aniqroq aytganda, tadbirda ijtimoiy ahvoliga ko‘ra “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 82 nafari bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi. Ular “Ayollar daftari”ning 2-toifasiga kiritilgan xotin-qizlarga beriladigan imtiyozli kredit mablag‘i asosida o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari bilan tanishdilar.
Tadbirda 42 nafar xotin-qizga tibbiy-psixologik, 55 nafar xotin-qizga huquqiy yordam berish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, ular tashvish-muammosini hal qilishga doir chora-tadbir, shuningdek, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarga moliyaviy, amaliy ko‘mak ko‘rsatishga doir aniq mexanizmlar belgilandi.
“Ayollar daftari”ning 7-bosqichini tashkil etish bo‘yicha viloyat Shtabi rahbari Shavkat Javlonov va tuman hokimi Nargiza Ne’matovalar tadbirda qatnashgan mahalliy aholi vakillari, ijtimoiy muhofazaga olingan ayollar bilan muloqot qilishib, ular murojaatlarini hal qilish chora-tadbirini belgiladilar.
Yakunda “Ayollar daftari”dan kam ta’minlangan oila sifatida moddiy yordam olgan, keyinchalik o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, oilasi doimiy daromad manbaiga erishgan, kasb-hunarni o‘rganib, uni yuqori darajada yo‘lga qo‘ygan tashabbuskor xotin-qizlarga tuman hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









