Kogon tumani: “Chun fenli capital group” kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik kelishuviga erishildi
2026-06-24 10:55:00 / Yangiliklar

Xitoylik sarmoyadorlar guruhi temiryo‘lchilar tumanida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish istiqbollarini o‘rgandi.
“Chunfenli capital group” kompaniyasi vakillari tuman hokimligi, mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv va muloqotda
hududning iqtisodiy imkoniyatlari, mavjud sanoat infratuzilmasi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, hududda xitoylik sarmoyadorlar hamkorligida yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirish va sanoat kooperasiyasini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Xorijiy delegasiya a’zolari “China Xiang Yang Group So Ltd” xorijiy korxonasida bo‘lib, gofra karton qog‘ozi ishlab chiqarish jarayoni, korxonada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga korxona faoliyati, mahsulot sifati va bozor talablari asosida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng xitoylik investorlar “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkida bo‘lib, bunda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, mavjud infratuzilma, logistika imkoniyatlari, soliq va bojxona imtiyozlari, sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan tanishdilar. Mutasaddilar tomonidan sanoat parkida amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqboldagi rivojlanish rejalari va yangi investitsiya tashabbuslari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish borasidagi istiqbolli rejalar yuzasidan fikr almashdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









