Qurilish sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
2026-06-23 11:20:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda viloyat rahbari tomonidan sohada oʻz yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar sanab oʻtilib, istiqboldagi vazifalar, yangi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu borada masʼullarning kelgusidagi rejalari tinglandi.
Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-49-sonli qarori hamda 2025-yil 8-oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-298-sonli qaroriga asosan “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi berilgan Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida aholi yashash va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay muhit yaratish dasturi doirasida joriy yilda viloyatga mazkur ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish uchun jami 593 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Bugungi kunda ajratilgan mablagʻlar hisobidan hududlarda qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, 357 km avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va asfaltlashtirish, 20,8 km elektr va gaz tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va suv taʼminotini yaxshilash, 53 ta ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarilmoqda.
Natijada ushbu hududlarda 1 161 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi, 809 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati kengaytirilishi, shuningdek, 27 ming nafardan ortiq aholining bandligi taʼminlanib, daromad manbalari kengayishiga erishiladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ–393-son qaroriga muvofiq belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda umumiy qiymati 880 mlrd soʻm boʻlgan 85 ta ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari boʻyicha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida 23 ta maktab, 5 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 5 ta sogʻliqni saqlash muassasasi, 6 ta ichimlik va oqova suv taʼminoti, 3 ta issiqlik taʼminoti, 6 ta avtomobil yoʻli, 12 ta irrigatsiya va melioratsiya, 4 ta elektr taʼminoti hamda 21 ta boshqa ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Botir Zaripov qurilayotgan har bir inshoot boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatilishi boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









