Kogon: "Taraqqiyot" mahallasida ham tomorqa barakasi xonadon fayziga aylanmoqda
2026-06-21 15:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunda tumanda qariyb 21 ming nafar tomorqa yer egasi mavjud bo‘lib, dehqon xo‘jaliklari bilan qo‘shganda, ular tasarrufidagi tomorqa ekin yeri maydoni 2 ming 128 gektarni tashkil etadi. Mazkur yer maydonlaridan oqilona foydalanish hisobiga aholi tomonidan yil davomida peshma-pesh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ichki bozordagi sabzavot-poliz, dukkakli mahsulotlar, oziq-ovqat ta’minotiga munosib hissa qo‘shilmoqda.
Hududda tomorqachilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonlar asosan pomidor, bodring, kartoshka, piyoz, karam, bulg‘or qalampiri, sabzi, loviya kabi sabzavot yetishtirish bilan bir qatorda limon, apelsin singari sitrus mevalar, yana qulupnay yetishtirib, aholi dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shmoqdalar. Natijada yilning to‘rt faslida aholini sarxil va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyati yaratilmoqda.
“Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini Breshim qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Dilshod Homidov ana shunday ilg‘or va tashabbuskor tomorqa egalaridan biridir. U o‘z hovlisi etagidagi tomorqa yerining 6 sotixdan iborat qismida issiqxona tashkil etib, ayni mavsumda bodringni serhosil navidan yetishtirmoqda. Hozirda issiqxona sharoitida yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Mirishkor tomorqachining aytishicha, urug‘ va ko‘chatda gap ko‘p. Tanlangan bodring navi kuchli ildiz va poyaga ega bo‘lib, haroratning keskin o‘zgarishlariga ham nisbatan chidamliligi bilan ajralib turadi. Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani natijasida issiqxonada yuqori hosildorlikka erishilgan. Mavsum yakuniga qadar bu issiqxonadan qariyb 9 tonna bodring hosili olish hisob-kitob qilinmoqda.
Xonadon egalari xomcho‘tiga binoan, yetishtirilayotgan mahsulotning bozor qiymati 40 million so‘mdan ortiq daromad keltirishi kutilmoqda. Bu esa tomorqa yeridan samarali foydalanish orqali oilaviy daromadni oshirish, ro‘zg‘or to‘kinligini ta’minlashning oddiy va sinovdan o‘tgan yo‘li.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






