Kogon: "Bahouddin Naqshband" mahallasidagi maktab va bog‘cha ham mukammal ta’mirlanmoqda
2026-06-20 14:40:00 / Yangiliklar

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Kogon tumanida ham aholi muammolarini bartaraf etish, ichki yo‘llar holatini yaxshilash, zamonaviy muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish, ijtimoiy soha inshootlarini ta’mirlash, modernizatsiya qilish, qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan loyihalar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda.
Loyiha doirasida Bahouddin Naqshband mahallasida uzunligi 10,6 ming metr bo‘lgan ichki yo‘lni ta’mirlash va asfalt qoplamasi bostirish, shuningdek, mahallaning Chorchinor qishlog‘ida 1,5 ming metr uzunlikdagi yo‘l qismini asfaltlashtirish ishlari amalga oshirilgani, shu qatorda Chorchinor va Rabotipoyon qishloqlari ko‘chalarida tungi paytda piyodalar va transport vositalari harakati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida muqobil energiya manbalari asosida ishlovchi zamonaviy “Led” yoritish moslamalari o‘rnatilgani maqsadga muvofiq, albatta.
Loyiha doirasida ayni kunda Bahouddin Naqshband mahallasidagi 1-sonli umumta’lim maktabida ham keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “Ziyo Shahriyor qurilish” MChJning malakali mutaxassislari tomonidan maktab moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv xonalari va yordamchi binolarni talab darajasiga keltirishga e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, mahalladagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kapital rekonstruksiya ishlari jadal bormoqda. Loyiha asosida muassasa binosi mukammal ta’mirdan chiqarilib, yonidan qo‘shimcha 120 o‘rinli zamonaviy bino qurilmoqda. Mazkur ishlar natijasida bolajonlar uchun yanada qulay va zamonaviy shart-sharoit yaratilishi, hududda maktabgacha ta’lim qamrovi darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Mukammal ta’mirlash va qurilish ishlari munosabati bilan maktab va bolalar bog‘chasini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ularda ertamiz egalari—o‘quvchi va bolajonlar uchun qulay shart-sharoit yaratish ishlari izchil olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







