Kogonlik g‘allakorlarning qariyb 15 ming tonna g‘alla xirmoni tayyor
2026-06-19 10:45:00 / Yangiliklar

Joriy yil dehqonchilik mavsumida g‘allachilikka ixtisoslashgan 230 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 511 gektar maydonda bug‘doyning serhosil "Gromm", “Alekseevich”, “Vassa”, "Qadr", "Gurd" kabi serhosil navlariga mansub baraka urug‘i ekib, mo‘l hosil yetishtirildi.
Ayni yoz mavsumida hosilni tez va sifatli o‘rib-yig‘ib olish ishlari ham uyushqoqlik bilan tashkillashtirildi. Shu maqsadda tumanda 21 ta o‘rim otryadi tashkil etilib, har bir otryadga yuqori unumli kombayn biriktirildi. Ularning ish unumdorligini oshirish maqsadida dalaning o‘zida servis xizmati, yoqilg‘i-moylash materiallari ta’minoti uzluksiz tashkil etildi. Buning natijasida otryadlar tomonidan bir kunda o‘rtacha 1000 tonna g‘alla o‘rib-yig‘ib olinib, qabul maskanlari omborlarida saranjomlandi.
Aytish joizki, qishloq xo‘jaligida g‘alla yetishtirish ilg‘or tajribalaridan unumli foydalanish, sohada moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ekin yeri meliorativ holatini yaxshilash, shu qatorda yerga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgargani joriy yilda ham mo‘l hosil yetishtirishga zamin hozirladi. O‘rim boshlangan kundan shu kunga qadar har gektar maydondan olingan hosildorlik salmog‘i 75-80 sentnerga yetkazilayotgani, omborga kiritilgan sara hosil salmog‘i qariyb 15 ming tonnani tashkil etayotgani dala mehnatkashlarining katta yutug‘idir. Bu hosilning 160 tonnaga yaqini urug‘lik bug‘doy hisoblanadi.
Mehnat muvaffaqiyatida peshqadam dehqon fermerlarning hissasi katta, albatta. Jumladan, hududdagi “Fidoyi-98“, “Rizq-ro‘z“, “Usmonobod”, “Elyor”, “To‘xtabobo-98”, “Yorqulov Ulug‘bek”, “Oynasoz-98”, "Narzieva Xadicha", "Klass Buxoro" kabi tajribali fermer xo‘jaliklarining xirmonga qo‘shayotgan ulushi salmoqli. Barakali yetishtirilgan hosil hisobidan mazkur xo‘jaliklarda mehnat jamoalari ixtiyorida qolayotgan hosil salmog‘i ham chakana emas.
O‘rim-yig‘im mavsumida namunali ish tashkil etib, jonbozlik ko‘rsatayotgan otyard rahbarlari mehnati alohida e’tirofga loyiq. Bu borada o‘z g‘ayrat-shijoatini namoyon qilayotgan Azamat Fayzullaev, Zokir Muxtorov, Fayoz Bozorov, Sherali Kalonov, Sabriddin Davronov, Bobomurod Jumaev singari kombayn operatorlari o‘z tajribasi va ish uslubi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqdalar.
Bugun mo‘ljaldagi sara g‘alla xirmoni bunyod qilinganiga qaramasdan, dalada hali hosil mo‘l, o‘rim-yig‘im jadal sur’atda davom ettirilmoqda. Hisob-kitobga binoan, joriy o‘rim-yig‘im mavsumida tuman yalpi g‘alla xirmonini 40 ming tonnadan oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Darhaqiqat, mirishkor dehqonlarimizning yil davomida vaqt bilan hisoblashmasdan qilgan astoydil mehnati bugun mo‘l hosil, barakali xirmon ko‘rinishida o‘z samarasini bermoqda. Bu dasturxon to‘kinligi, rizq-ro‘zimiz butunligi, turmush farovonligi ifodasi, albatta.
Mehnat zafaringiz muborak bo‘lsin, aziz kogonlik g‘allakorlar!
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








