Qorako‘l akademik litseyida “Bitiruv kuni” tantana qilindi
2026-06-16 10:45:00 / Yangiliklar
Aniq fanlarga ixtisoslashgan Qorako‘l akademik litseyi xususida gap ketganda, shubhasiz, ilm-fanda xalqaro olimpiadalarda yurtimiz dovrug‘ini keng yoyayotgan yosh iqtidor egalari, yuqori bilimi va salohiyati bilan yurtimiz xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida mehnat faoliyatini dadil olib borayotgan yosh mutaxassislar, matematika va boshqa aniq fanlarni chuqur o‘qitish va tadqiq etishga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro oliy ta’lim dargohlari yosh va yetuk kadrlari ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Katta karvon yo‘lining yo‘lboshchisi va sarboni sifatida o‘nlab, yuzlab yosh iqtidor egalarini kashf etib, ayni kunda mamlakatimiz xalq xo‘jaligi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan zabardast ustoz, umrini barkamol avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan, elda topgan izzat-hurmati bilan Buxoro faxru iftixoriga aylangan To‘xtamurod Jumaev nomi alohida ehtiromga loyiq.
Qorako‘l tumani madaniyat markazida Buxoro davlat universiteti qoshidagi Qorako‘l akademik litseyining bu yilgi “qaldirg‘ochlari” uchun “Bitiruv kuni” tantanasi tashkil qilindi. Tadbir avvalida yakuniga yetgan o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo o‘qishlari bilan e’tiborga tushgan yosh iste’dodli o‘quvchilar va faoliyatda o‘rnak bo‘layotgan ilg‘or, izlanuvchan pedagoglar munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirda Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov, Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov, akademik litsey direktori G‘olibjon Jumaqulovlar so‘zga chiqishib, samimiy dil so‘zlari va tabriklarini izhor qildilar. Mustaqil hayotda yoshlarga oq yo‘l tilab, bu iqtidor egalarining kelgusida xalq xo‘jaligining turli jabhalarida istiqboli porloq, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yosh mutaxassislar sifatida yetishib chiqishlariga qat’iy ishonch bildirdilar.
Asosan matematika faniga ixtisoslashgan maktab—akademik litseyning 35 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlar, jumladan, 5 ming nafardan ortiq bitiruvchini voyaga yetkazib, xalq xo‘jaligiga yosh mutaxassis sifatida qo‘shgan, respublika fan olimpiadalarida 67 ta imtiyozli diplom hamda xalqaro olimpiadalarda 60 ta nufuzli medalni qo‘lga kiritgan ta’lim dargohi mavqeini barqaror saqlash zarurligi alohida e’tirof etildi.
Joriy yilgi bitiruvchilardan 50 nafari muddatidan oldin 189 va undan yuqori ball bilan talabalikka tavsiya etilgani, 22 nafar o‘quvchi oltin medal, 53 nafari kumush medal bilan taqdirlangani, shuningdek, 165 nafar bitiruvchi imtiyozli diplom, 57 nafari esa oddiy diplom sohibiga aylangani katta yutuq, albatta.
Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan 1079 ta xalqaro va milliy sertifikat qo‘lga kiritilgani, kitobxonlik tanlovlarida 10 nafar g‘olib yetishib chiqqani, 5 nafar o‘quvchi “Rektor stipendiyasi”, 20 nafar o‘quvchi esa “Litseyimiz iftixori” stipendiyasi sovrindori bo‘lgani qayd etildi.
Bundan tashqari, AIMO xalqaro olimpiadasida 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgani ham alohida faxr bilan tilga olindi.
Tadbir yakunida ustozlar, ota-onalar va bitiruvchilar esdalik suratlariga tushishdi. Bayram ko‘tarinki ruhda davom etib, musiqiy dastur va ko‘ngilochar chiqishlar barchaga unutilmas taassurot bag‘ishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








