Kogon tumani: “Taraqqiyot” mahallasida obod va orasta tomorqalar ko‘paymoqda
2026-06-15 19:40:00 / Yangiliklar
Tomorqa yerlari, dehqon va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini ko‘paytirish va oilalar turmush sifatini yaxshilashda Kogon tumanida ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunda “Taraqqiyot" mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, ularning 53 nafarini nogironligi bo‘lgan fuqarolar, 60 tadan ortig‘ini ijtimoiy muhofazaga olingan kamxarj oilalar tashkil etadi.
Mazkur sa’y-harakat natijasida mavjud 120 gektarga yaqin tomorqa yerlaridan oqilona foydalanib, mo‘l hosil yetishtirayotgan xonadon safi tobora kengaymoqda. Ana shunday tashabbuskor va mehnatkash fuqarolardan biri shu mahallada yashovchi Hikmat Hafizovdir.
U o‘z tomorqasida har yilgi dehqonchilik mavsumida sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirib, avvalo ro‘zg‘or ehtiyojini qondirishi barobarida 2 sotix yerda issiqxona barpo etib, ayni kunda pomidor yetishtirmoqda. Issiqxonada agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ekinni risoladagidek parvarishlash natijasida yuqori hosildorlikka erishilib, hozirda pishib yetilgan hosilni yig‘ib-terib, aholi dasturxoniga tortiq qilish jarayoni bormoqda.
— Tomorqada ishlab, peshona terini to‘kishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Biroq hosil pishib yetilganida ko‘rgan qiyinchilik va zahmating unutiladi. Issiqxona yerida yetishtirilgan bu hosildan hademay 15 million so‘mdan ortiq daromad olishga yaqinmiz,— deydi mirishkor xonadon sohibi Hikmat Hafizov.
Umuman, har yili erta bahor mavsumidan Kogon tumanida o‘z tomorqasiga ega bo‘lgan jami 20 ming 928 ta xonadonning 2 ming 122 gektarga yetgan ekin yerida 239 gektarda kartoshka, umumiy hisobda 1 ming 168 gektarda pomidor, bodring, karam, piyoz, sabzi, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsuloti, 53 gektarda qovun, tarvuz, qovoq va boshqa poliz mahsuloti, 84 gektarda loviya, mosh kabi dukkakli o‘simliklar, 4 gektarda soya, kungaboqar kabi moyli ekinlar yetishtirib kelinadi.
Aytish joizki, hududdagi mahalla va qishloqlarning barchasida, jumladan, hududlar misolida olsak, “Niyozhoji” MFY da 156, "Bahouddin Naqshband" MFY da 152, “Tutkunda” MFY da 155, “O‘ba Cho‘li” MFY da 144, “Sorg‘un” MFY da 115, “Xo‘ja Yakshaba” MFYda 138, “Tuniroq” MFYda 118, “Hukumatobod” hamda “Siyozpoyon” MFY larida 102 gektardan ekin yerlari sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar yetishtirish uchun ajratilgan bo‘lib, ulardagi issiqxonalar va ochiq ekin yerlarida dehqonchilik ishlari muntazam borayotganini ko‘rish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




