Qorovulbozor: poliz yeridan bir mavsumda 300 million so‘m daromad
2026-06-15 10:05:00 / Yangiliklar

Tuman markazidan 25 kilometr uzoqliqdagi “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 30 tadan ortiq dehqon xo‘jaligi tomonidan erta bahorda plyonka ostida qovun va tarvuz ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishga kirishilgandi. Aksariyat xo‘jalik qovunning mahalliy iqlimga mos serhosil “dakara” naviga mansub qovun yetishtirgan. Negaki, bu navli qovun o‘zining tezpisharligi, ta’mi-mazasi hamda hosildorligi bilan ajralib turadi.
Ishning ko‘zini bilgan jarqoqlik dehqonlar har yili erta bahorda qovun, tarvuz ko‘chatlarini plyonka ostida yetishtirib, dehqon xo‘jaliklariga yetkazib berishgan. Masalan, shu mahallaning Shodlik ko‘chasida yashovchi Ma’ruf Axtamov hovlisidagi atigi 2 sotixli issiqxonasida 40 ming donaga yaqin qovunning “dakara” navi hamda tarvuz ko‘chatlarini yetishtirib chiqargan. Bugunga kelib u bilan yaqin hamkorlikdagi xo‘jaliklarda sara hosil xirmoni saranjomlanmoqda.
— Bizda 6 gektarga yaqin dala tomorqamiz mavjud bo‘lib, issixonamizda tayyorlangan ko‘chatlarni bahor oylarida shu yerimizga ko‘chirib o‘tqazib, parvarishlaymiz, — deydi namunali tomorqachi Ma’ruf Axtamov. — Qovun va tarvuzlarni urug‘dan ko‘ra ko‘chat qilib ekish hosilning odatdagiga nisbatan 1-1,5 oy erta pishib yetilishiga xizmat qilmoqda. Bu esa oilalarimiz xonadoniga qo‘shimcha daromaddir.
"Jarqoq" mahallasida yashovchi Dilnovoz Farmonova xonadoni ham poliz mahsulotlari yetishtirishda puxta tajribani o‘zlashtirmoqda. Bir vaqtlar ish izlab yurgan, "Ayollar daftari"da ro‘yxatda turgan oila bekasi bugun mehnatkash dehqon va ish beruvchiga aylangan. Mahalla ko‘magi bilan Dilnavoz Farmonovaga 7 gektar ijara yer maydoni ajratishda amaliy yordam ko‘rsatilgani daromad uchun katta imkoniyat yaratgan. Turmush o‘rtog‘i Mustaqim Ismoilov bilan yelkadosh bo‘lib, yerga mehr qo‘ygan oila qovun-tarvuz yetishtirish bilan shug‘ullanishni boshlagan.
Erta bahordan yerga urug‘ qadalib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilgan. Tinimsiz mehnat, izlanish samarasi o‘laroq, bugun poliz yerida tilni yorar shirin va xushta’m qovun pishib yetilgan. Qorovulbozorning quyoshli dalalarida yetishtirilgan hosil bugun xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinmoqda. Oila mehnatkashlari joriy mavsumda polizdan 300 million so‘mdan ortiq daromad olish ko‘zlab turishibdi.
— Mehnatimiz ortidan kelayotgan daromad evaziga farzandlarimizga uy-joy qurishni maqsad qilganmiz. Eng muhimi, o‘g‘il-qizlarimizni halol rizq bilan o‘qitib, kasb-korlik qilayapmiz. Ilgari ish qidirib yurgan bo‘lsam, bugun mahallamizdagi 30 nafardan ortiq xotin-qizni mavsumiy ish bilan ta’minlashga baholiqudrat hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz,—deydi Dilnavoz Farmonova.
E’tiborlisi, bugun birgina oilaning polizida yetishtirilayotgan qovun-tarvuz nafaqat bir xonadon daromad manbai, balki mahalladagi o‘nlab ishchi, xotin-qiz bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









