Shofirkon: “Oila va xotin-qizlar maskani” faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-06-13 18:50:00 / Yangiliklar

Mazkur maskanda tikuvchilik, pazandachilik, ayollar sartaroshligi yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy o‘quv kurslari hamda professional psixologik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda xotin-qizlar zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish bilan birga, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishmoqda.
“Oila va xotin-qizlar maskani”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda viloyat hokimining o‘rinbosari Hafiza Artikova tumanda bo‘lishdi. Ularga maskan faoliyati, xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tumanda 2026-yilda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga kiritilgan 6 ming nafar xotin-qiz bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning ehtiyojlari va qiziqishlaridan kelib chiqib, kasb-hunar o‘rgatish, huquqiy va psixologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgan xotin-qizlar uchun bepul o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar tashkil etilib, ularga amaliy ko‘mak berish maqsad qilingan.
Maskan faoliyati doirasida “Ayol uchun” ijtimoiy loyihasiga ham start berildi. Mazkur loyiha ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan, huquqbuzarlik sodir etishga moyil, tazyiq va zo‘ravonlikdan, odam savdosidan jabrlangan hamda migratsiya jarayonida bo‘lgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlashga qaratilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va psixologik salohiyatini rivojlantirish, ularni jamiyat hayotiga faol integratsiya qilish hamda o‘z kuch va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, loyiha doirasida huquqiy savodxonlikni oshirish, kasbiy malaka berish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha mazmun-mohiyatiga muvofiq, “Har bir ayol jamiyatning tayanchi. Uni qo‘llab-quvvatlash orqali butun millat kuchli bo‘ladi” tamoyiliga asoslanadi. Loyihaning shiori esa: “Quvvat – mening qo‘limda! Men baxtli ayolman!”.
Mutasaddilar tomonidan maskanda tashkil etilgan o‘quv kurslari, amaliy mashg‘ulotlar hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar ijobiy baholanib, bu kabi tashabbuslarni yanada kengaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









