Romitan: Muzaffar Islomov o‘z biznesi va ish o‘rinlarini yaratmoqda
2026-06-13 12:30:00 / Yangiliklar

— Bu biz uchun mavsumiy ish, ya’ni asosan bog‘-tokzorlarimizda uzum yetilib pishgan paytda shiraga to‘lgan xom ashyoni aholi tomorqalari, fermer va dehqon xo‘jaliklaridan sotib olib, yarim tayyor sharbat tayyorlab, qayta ishlash korxonalariga yetkazib beramiz,—deydi korxona rahbari Farrux Latipov.—Bir mavsumda 1 ming tonnagacha uzumni qabul qilsak. Uni yarim tayyor holda qayta ishlab, filtrdan o‘tkazishda 6 nafar ishchini yollaganmiz. Asosan sentyabr, oktyabr oylaridagi faoliyatimizdan so‘ng 700 tonna atrofidagi uzum sharbatini buyurtmachi zavodlarga yetkazib beramiz.
“Bog‘isaydon uzum meva sabzavot” MChJ faoliyatiga 15 yildan oshibdi. Mavsumiy faoliyat bo‘lgani uchun ham endilikda korxona egalari Bog‘isaydon mahallasida qo‘shimcha tarmoqni ishga tushirishgan. Buning uchun “Xalq banki” tuman filialidan 30 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit sarmoyasi olinib, sub’ekt negizida aholi iste’moli uchun toza suvni bir necha o‘lchamli yelim idishlarga qadoqlab sotish loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bu tarmoqqa ta’sischi sifatida tadbirkor Farrux Latipov jiyani Muzaffar Islomovni boshchi etib tayinlagan.
Hozirga kelib bu kichik korxonada 12 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangani, ishchilar mehnatiga yarasha haq olishayotgani loyiha ahamiyatidan dalolatdir. Aksariyati g‘ayratli yoshlardan iborat mehnat jamoasi kunduzgi va kechki smenada faoliyat yuritib, mahsulot hajmini ko‘paytirish, buyurtmalarni sifatli bajarishga hissa qo‘shmoqda. Bunda 0,5, 1, 1,5, 5 litrli hajmdagi, bir smenada 10 tonnagacha miqdorda qadoqlangan, gazlanmagan toza suv bozor va savdo rastalari orqali aholiga yetkazilmoqda.
Bu ham yosh tadbirkorning nafaqat o‘z biznesini rivojlantirish, balki tuman aholisi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi ijtimoiy mas’uliyatini namoyon etadi. Talab va taklif ortayotgan ayni sharoitda bu faoliyat sex ishchi jamoasiga iqtisodiy foyda, bir nechta oila turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









