"Buxoro ipak gilam markazi" va “Romstar” korxonasi faoliyati—Bosh vazir o‘rinbosari diqqat-e’tiborida
2026-06-13 12:10:00 / Yangiliklar

Bugun xalq amaliy san’ati, milliy hunarmandchilik an’analari qadim tarixga ega viloyatimizda asrlar osha qadrlanib, oilaviy hunarmandlar sulolalari uchun daromad manbaiga aylanmoqda. Bu borada ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni barqaror daromad bilan ta’minlash va oilaviy turmush darajasini yaxshilashda maqsadli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Buxoro shahrining Imom Buxoriy mahallasida faoliyat yuritayotgan "Buxoro ipak gilam markazi" oilaviy korxonasi fikrimiz dalili.
Korxona rahbari Sabina Burxanova o‘z faoliyatini dastlab uyda, ikki nafar chevar bilan ta’minlashdan boshlagan. Bugunga kelib esa bu tashabbus keng quloch yozdi. Korxona qoshidagi "Ustoz-shogird" maktabida 60 nafardan ortiq qizga gilam to‘qish siri o‘rgatilgani faoliyatni yanada kengayishiga zamin yaratdi. Bu sa’y-harakat tufayli endilikda hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj 130 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlanmoqda.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 838 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Yiliga 200 dan ortiq pishiq ipakdan to‘qilgan Buxoro gilamlari tayyorlanib, bu mahsulot to‘la-to‘kis xorijiy sayyohlarga sotilmoqda. Qadim yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar tufayli korxona mahsulotlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va boshqa mamlakatlarga yetib bormoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari "Buxoro ipak gilam markazi"da mehnat qilayotgan ayollar bilan suhbatlashib, ular daromadi, oilaviy ahvoli va ehtiyojlarini tingladi va ularni qo‘llab-quvvatlashga doir tavsiyalarini berdi.
Shu kuni “Romstar” pillani qayta ishlash korxonasida bo‘lgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova nafaqat ipak ishlab chiqaruvchi maskan, balki zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan va mehnatkashlik uyg‘unlashgan innovasion markazda ayollarga yaratilgan shart-sharoit, ular moddiy ta’minoti, mahsulot ishlab chiqarish va eksporti bilan yaqindan tanishdi.
Romitan tumanida faoliyat yuritayotgan “Romstar” O‘zbekiston–Rossiya–AQSh qo‘shma korxonasi ayni kunda viloyatning 7 ta tumanida ipak qurti parvarishini muvofiqlashtirish, tayyor pilla xom ashyosini yig‘ib olish hamda uni yuqori sifatli ipak tolasi (kalava ip) holatiga keltirib, ichki va tashqi bozorda realizasiya qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Korxonada mavsum davomida 600 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlansa, qurt boquvchi kasanachi va oilaviy zvenolar bilan birgalikda bu ko‘rsatkich 1 mingdan oshadi. Bo‘lajak mutaxassislarning mahoratini oshirish maqsadida korxonada pillachilik bo‘yicha kasbga tayyorlov dual ta’lim tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunda mehnat qilayotganlarning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









