Viloyatda “Islohotlar shtabi” faoliyati samaradorligi muhokama qilindi
2026-06-12 20:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Mehriddin Abdullayev olib borgan mazkur muhokamada respublika vazirliklari, qoʻmita va idoralari mutasaddilari, ularning viloyatimizdagi masʼul vakillari, tijorat banklari boshqaruvchilari, viloyatdagi mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari va ular oʻrinbosarlari ishtirok etdilar.
Taʼkidlanganidek, ayni kunda Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashriflarida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, hududda keng koʻlamli istiqbolli loyihalarni roʻyobga chiqarishga doir tavsiya va topshiriqlari ijrosini soʻzsiz bajarish, shuningdek, aholi va tadbirkorlar muammolarini bartaraf etish, korxonalarni sogʻlomlashtirish, 6 oylik koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishish, ishsizlik va kambagʻallikni kamaytirishga doir dolzarb vazifalarni oʻz muddatida amalga oshirish juda muhim.
Ayni kunda “Islohotlar shtabi” tomonidan hududda 1 300 dan ortiq muammo yechimi yuzasidan ishlar olib borilayotgan boʻlib, bu muammolarning toʻla-toʻkis hal etilishi 514 ta mahalla fuqarolar yigʻini, 1 265 ta qishloq, 102 ta tadbirkorlik subyekti miqyosida, 400 minga yaqin aholining yashash sharoitini yaxshilashga imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatli.
Shu nuqtayi nazardan, ayni paytda respublika qator vazirliklari, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari hamda Hisob palatasining masʼul xodimlari viloyatda mazkur muammolarni mahalliy hokimlik va bevosita masʼul idoralar bilan hamkorlikda hal etish yuzasidan tashkiliy ishlarni olib bormoqdalar.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda viloyat hokimi Botir Zaripov muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan atroflicha maʼlumot berib, bu borada masʼul vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilotlarning hamjihatlikdagi saʼy-harakati natijasida aholini qiynayotgan koʻplab muammolarga amaliy yechim topilayotganini qayd etdi. Erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va hududlarni kompleks rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Yigʻilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan respublika vazirlik va idoralari vakillaridan Shuhrat Davletyarov—viloyatning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ijrosi, Elmurod Saparov— iqtisodiyot sohasiga masʼul idoralar tomonidan hududda belgilangan vazifalar ijrosi, davlat dasturlariga mablagʻ ajratilishi va oʻz vaqtida toʻliq moliyalashtirilishiga doir, Erali Turdiyev—aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilashga doir tashkiliy chora-tadbirlar, Narbek Sagʻindikov—investitsiyalar jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdo-iqtisodiy faoliyatni kengaytirish sohasidagi mavjud muammolar yechimiga doir tashkiliy ishlar yuzasidan axborot berdilar.
Yakunda respublika Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari hamda viloyat hokimi tomonidan viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir belgilangan muhim vazifalar ijrosi yuzasidan masʼul mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









