Olotda “Ilmli ayol—kuchli jamiyat” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi
2026-06-12 09:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir xotin-qizlarning talab darajasida ta’lim-tarbiya olishlari, zamonaviy kasb-hunar egallashlari, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faolliklarini oshirishlari, ularni yangi marralar sari ruhlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forumda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi haqida to‘xtalib, bu borada Olotdagi yangilanish va o‘zgarishlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, ayni kunda Yangi O‘zbekistonda ayol-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi, foizsiz ta’lim kreditlari, magistratura bosqichidagi kontrakt to‘lovlarining davlat tomonidan qoplab berilishi, boshqa qator imtiyozlar yuzlab qizlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Forum davomida viloyat va respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan olimalar, professorlar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, pedagoglar va jamoatchilik faollari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova, IT mutaxassisi va innovatsion loyihalar asoschisi Gulnora Bo‘ronova, “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi hududiy tayanch guruhi raisi, professor Laylo Sharipova, “Oqila ayollar” harakati viloyat rahbari, tibbiyot fanlari doktori Donoxon Achilovalar viloyatimizda xotin-qizlar ta’limi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir davomida serfarzand va ibratli oilalar bekalari, qizlarini o‘qitib, ularning munosib yutuqlarga erishishlarida katta hissa qo‘shayotgan ota-onalar ham so‘zga chiqib, ta’lim-tarbiya masalalari farzand tarbiyasidagi mas’uliyat hamda ilmning kuchi haqida fikrlarini bayon etdilar.
Forumning yakuniy qismida turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli va tashabbuskor qizlardan bir guruhi taqdirlanishdi. Ilm-fan, ta’lim, sport, madaniyat, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
Shuningdek, forum doirasida “Ta’limga eltuvchi yo‘l”, “Qizlar va kelajak kasblari”, “Oila va kar’era – muvozanat san’ati” mavzularida panel sessiyalar tashkil etildi. Ushbu sessiyalarda ta’lim olishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni yengib o‘tish, STEM va IT yo‘nalishlarida qizlar uchun mavjud imkoniyatlar, oilaviy hayot va kasbiy faoliyat o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi.
Tadbir yakunida “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” forumining tavsiyalari o‘qib eshittirilib, faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









