Xalqaro kinofestivalda gʻolib boʻlgan buxorolik ijodkorlarga Buxoroda ham alohida ehtirom koʻrsatildi
2026-06-11 21:45:00 / Yangiliklar

Mazkur festival mashhur “Cannes Film Festival” doirasida, u bilan parallel ravishda oʻtkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestival hisoblanadi. Unda Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlaridan kinoijodkorlar ishtirok etdi.
Maʼlum qilinishicha, 2026-yilgi kino mavsumi uchun 600 dan ortiq film arizasi qabul qilingan boʻlib, ulardan 20 dan ziyod film hakamlar hayʼati tomonidan saralab olingan. Saralangan ishlar orasida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmi gran-pri mukofotiga munosib deb topildi.
Film Daun sindromi bilan tugʻilgan Yusuf ismli bola haqida hikoya qiladi. Asarda uning musiqaga muhabbati, hayotga ishonchi va onasi Zilolaning farzandining jamiyatda munosib oʻrin egallashi uchun kurashi taʼsirchan tarzda aks ettirilgan.
Buxoro davlat universitetining katta yigʻingohida ijodkorlar bilan uchrashuv va film premyerasi boʻlib oʻtdi.
Madaniyat va sanʼat ixlosmandlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan tadbirda soʻzga chiqqanlar bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda sanʼat va madaniyatni rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu kabi eʼtibor oʻzbek kinosining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Darhaqiqat, Fransiyaning Kann shahrida oʻtkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro kinofestivalida oʻzbek kinoijodkorlarining Gran-pri sovrinini qoʻlga kiritgani yurtimizda kinematografiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor natijasidir.
Ushbu yutuq milliy kinematografiya uchun muhim voqea boʻlib, film oʻzining mazmuni, badiiy ifodasi va insonparvarlik gʻoyalari bilan xalqaro ekspertlar eʼtiborini qozongani alohida tilga olinadi.
Hatto, ushbu yutuq Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham alohida eʼtirof etilib, yosh ijodkorlarni taqdirlash toʻgʻrisidagi Farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, gran-pri sohibi boʻlgan ijodkorlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonovga ehtirom koʻrsatilib, ularning xalqaro maydondagi yutugʻi alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan "Shamsiqamar" filmining ham premerasi oʻtkazildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









