Kogon tumani: “Bahouddin Naqshband” mahallasida yo‘l infratuzilmasi yaxshilanmoqda
2026-06-11 14:20:00 / Yangiliklar

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Kogon tumanida ham aholining uzoq yillardan buyon yechimini kutib kelayotgan muammolarini bartaraf etish, ichki yo‘llar holatini yaxshilash, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan loyihalar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda.
Jumladan, Bahouddin Naqshband mahallasida bu loyiha doirasida uzunligi 10,6 ming metr bo‘lgan ichki yo‘lni ta’mirlash va asfalt qoplamasi bostirish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunda qurilish-ta’mirlash ishlari talab darajasida olib borilmoqda.
Mazkur ishlarni pudratchi tashkilot “Gazli yo‘l qurish-ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari zamonaviy texnika va mexanizmlar yordamida amalga oshirmoqda. Qurilish jarayonida yo‘lning asos qismi qayta tekislanib, mustahkam poydevor qatlami barpo etilmoqda. Bu kelgusida yo‘lning uzoq muddatda xizmat qilishi, transport qatnovi uchun qulaylik yaratishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda mahallaning Chorchinor qishlog‘ida ham 1,5 ming metr uzunlikdagi yo‘l qismini asfaltlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar tomonidan yo‘lning texnik holati to‘liq o‘rganilib, qurilish meyorlari va standartlari asosida zarur tayyorgarlik ishlari bajarilmoqda.
Bundan tashqari, Chorchinor hamda Rabotipoyon qishloqlarida aholi xavfsizligini ta’minlash, tungi paytda piyodalar va transport vositalari harakati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida muqobil energiya manbalari asosida ishlovchi zamonaviy “Led” yoritish moslamalari o‘rnatildi. Bu energiya tejamkor yoritgichlar nafaqat elektr energiyasidan samarali foydalanish imkonini beradi, balki ekologik jihatdan ham samaralidir. Muhimi, mazkur loyihalar natijasida fuqarolar uchun qulay va xavfsiz yashash muhiti yaratilib, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







