Olot: Himmat Boboqulov uchun imkoniyat cheklanmagan, balki u yaratilmoqda
2026-06-09 16:30:00 / Yangiliklar
"Chovdur" mahallasida istiqomat qiluvchi Karimovlar oila a’zolari bugun mehnat, jasorat va matonat timsoli sifatida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishmoqda. Xonadon sohiblari O‘tkir Karimov va Shahlo Ro‘zievalar 3 nafar farzandni o‘stirib, uyli-joyli qilishib, ayni kunda ikki nafar nabiraning mehribon, suyukli bobo-buvisiga aylanishgan.

Bu xonadonda yashovchi ikkinchi guruh nogironi Himmat Boboqulovning hayot yo‘li alohida e’tiborga loyiq. Jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, u bugunga kelib o‘z tashabbusi va tinib-tinchimasligi bilan yakka tartibda o‘ziga xos tadbirkorligini yuritmoqda. Bu bilan nafaqat o‘z oilasi, balki mahalladoshlariga ham xizmat ko‘rsatmoqda.
Himmat Boboqulov qishloqdagi umumta’lim maktabini tamomlagach, atigi bitta noutbuk va nafaqa mablag‘idan yig‘ilgan 2 million so‘m mablag‘ bilan ish boshlagan. Hozirda esa uning faoliyati 50 million so‘mlik aylanma mablag‘ asosida rivojlanmoqda.
Xonadonda tashkil etilgan mo‘jaz xizmat ko‘rsatish shoxobchasida paynet, pul o‘tkazmalari, kommunal to‘lovlar, turli to‘lov xizmatlari hamda kanselyariya mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, telefon uskunalarini ta’mirlash xizmati ham aholiga qulaylik yaratmoqda. Xizmatlari bilan tanilgan Himmat Boboqulovni o‘z mahallasida hojatbaror yigit sifatida yaxshi bilishadi. Chekka hududda talabalar uchun to‘lov, pul o‘tkazmalaridan tortib, turli maishiy-elektron xizmatlargacha uning tomonidan amalga oshirilmoqda.
Karimovlar oilasining muvaffaqiyati faqat tadbirkorlik bilan cheklanmaydi. Xonadonda 2 sotix maydonda pomidor, 1 sotix yerda esa sitrus mevalar issiqxonasi barpo qilingan bo‘lib, tomorqachilik ham rivojlantirilmoqda. Bu issiqxonada shu kunlarda 600 tup pomidor ko‘chati parvarishlanib, 3 tonnadan ortiq hosil yetishtirish ko‘zda tutilgan. Dastlab mahsulotning har kilogrami 13 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bugunga kelib mahalla ahliga 5-6 ming so‘mdan taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, tomorqada kartoshka, baqlajon, sarimsoq, piyoz, oshqovoq, bodring kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham yetishtirilib, avvalo ro‘zg‘or ehtiyojiga sarflanmoqda. Xonadondagi yana bir mo‘jaz issiqxonada limon, mandarin, kivi, turli gul va mevali ko‘chatlar hamda boshqa sitrus o‘simliklar parvarish qilinmoqda. Hovli-joyda esa ayni kunda 100 tupdan ortiq olma, olcha, nok, shaftoli kabi mevali daraxtlar o‘stirilgan. Tokzor tashkil etilib, ulardan ham yaxshigina hosil olinmoqda.
Qolaversa, bu xonadonda bor imkoniyatdan kelib chiqib, chorva mollari va parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Sigir-buzoq boqilayotgani oila dasturxonini sut, qatiq, sariyog‘ bilan ta’minlashda qo‘l kelayotgan bo‘lsa, bir yoqda parvarishlanayotgan tovuqlar tuxumga kirgan. Xonadon tashqarisida tashkil qilingan kichik savdo rastasi esa ro‘zg‘ordan ortgan mahsulotlarni mahalladoshlarga ham yetkazishda muhim vositadir.
Karimovlar oilasi misolida aytish joizki, kimda mehnatsevarlik, matonat va qat’iyat bo‘lsa, imkoniyatlardan unumli foydalanish, mehnatga yarasha moddiy manfaatdorlikka erishish mumkin. Aslida, mehnatkash, jasoratli odamlar har qanday sharoitda nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyat ravnaqiga ham baholiqudrat hissa qo‘shishning uddasidan chiqadilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









