Botir Zaripov madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlari bilan uchrashdi
2026-06-08 16:20:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuv nafaqat ijod ahli, balki mamlakat taraqqiyotiga befarq boʻlmagan keng jamoatchilik uchun ham muhim voqea boʻldi. Ayniqsa, bildirilgan tashabbuslar, belgilangan vazifalar madaniyat va sanʼatga boʻlgan munosabat davlat siyosati darajasida yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Bugungi kunda dunyoda iqtisodiy va siyosiy raqobat bilan bir qatorda maʼnaviy taʼsir uchun ham kurash kuchaymoqda. Axborot oqimlari, ijtimoiy tarmoqlar va turli mafkuraviy taʼsirlar sharoitida xalqning maʼnaviy tayanchi boʻlgan adabiyot, teatr, kino va musiqaning ahamiyati yanada ortib boryapti. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari madaniyat va sanʼatni jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida baholamoqda.
Uchrashuvda eʼlon qilingan eng muhim yangiliklardan biri — ijodkorlarni ragʻbatlantirish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilayotganidir. Teatr, kino, musiqa, raqs, tasviriy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy birlashmalar tashkil etilishi isteʼdodlarni erta aniqlash va ularni tizimli tarbiyalash imkonini beradi.
Madaniyat va sanʼat ahlining ijtimoiy himoyasiga oid qarorlar ham diqqatga sazovor. Ipoteka toʻlovlarini qoplash, ijara xarajatlariga kompensatsiya berish, tibbiy sugʻurta va davolanish imkoniyatlarini kengaytirish ijodkorning faqat ijod bilan shugʻullanishi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan muhim qadamlardir.
Viloyat hokimi Botir Zaripovning buxorolik soha xodimlari bilan uchrashuvida ham aynit shu jihatlar alohida tilga olindi.
Viloyat rahbari soʻzining avvalida Prezidentimizning soha xodimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar inson kapitaliga, milliy oʻzlikni anglashga va jamiyat maʼnaviyatini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini alohida taʼkidladi.
Mazkur uchrashuvda belgilangan vazifalar ijrosi Buxoroning qadimiy sanʼati va adabiyotini, madaniyatini yanada rivojlantirishda muhim asos boʻlishi eʼtirof etildi.
Uchrashuv davomida 21 ta ijodiy yoʻnalish kesimida viloyatda, shahar-tumanlarda amalga oshiriladigan tashkiliy ishlarga eʼtibor qaratildi. Xususan, ijodiy yoʻnalishlarga viloyat darajasida belgilangan hamkor tashkilotlar va koʻmaklashuvchi hamda hududlarga biriktirilgan madaniyat va sanʼat tizimi rahbarlarining shahar-tumanlarla sohani rivojlantirish, hokimliklar bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etish, muammolarni hal qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Yoʻnalishlarning ijodiy rivojlanish konsepsiyasini shakllantirish, shahar-tumanlardagi ijodiy jarayonlarga metodik rahbarlik qilish, iqtidorli yoshlar va ijodkorlarni aniqlash, toʻgaraklar, mahorat darslari va ijodiy loyihalarni tashkil etish, festivallar, tanlovlar va koʻrgazmalar ssenariysini shakllantirish, soha boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqish, hududlarda ijodiy muhitni yaxshilash zarurligi qayd etildi.
Bu borada soha xodimlarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
Bugun biz yashayotgan davr texnologiyalar asri, sunʼiy intellekt asri, keskin raqobat va mafkuraviy kurashlar asridir. Bunday murakkab sharoitda xalqning oʻzligini saqlab qolishi, milliy manfaatlarini himoya qilishi va taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmasligi uchun kuchli maʼnaviy tayanch zarur. Bu tayanch esa, shubhasiz, madaniyat, sanʼat va adabiyotdir. Qalbida Vatanga muhabbat, tarixiga hurmat va milliy qadriyatlariga sadoqat tuygʻusi shakllangan insonni hech qanday begona gʻoya oʻz yoʻlidan chalgʻita olmaydi.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat madaniyat va sanʼat ahlining, balki butun xalqimizning ertangi kuniga daxldor boʻlgan ulkan maʼnaviy dasturdir. Bu xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosini asrab-avaylash, uni zamon bilan hamnafas rivojlantirish va kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazishni nazarda tutadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









