Vobkent: “Mirvoshi golden chicken” MChJ da parvarishlanayotgan broyler jo‘ja soni 4 ming boshga yetkazildi
2026-06-05 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirkorga mahalla hududidan yer maydoni ajratilib, ayni kunda yarim gektar maydonda zamonaviy texnologiyalar asosida broyler tovuq parvarishlash sexi qurilib, ishga tushirildi.
Bugunga kelib mazkur sexda 4 ming bosh broyler jo‘ja parvarishlanmoqda. Tovuq parvarishida yetarli tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor kelgusida o‘ziga ajratilgan hududda yana 2 ta zamonaviy sovutish va mikroiqlim boshqaruv tizimiga ega pavilon barpo etib, parhezbop parranda go‘shti yetishtirishni ko‘paytirish harakatida.
Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, broyler tovuq 40 kunlik parvarish davrida o‘rtacha 2 kilogram va undan oshiq tirik vaznga yetadi. Shundan o‘rtacha 1,6 kilogram sof go‘sht olinadi. Shu hisobdan, bugunga kelib parvarishlanayotgan 4 ming bosh broyler jo‘jadan taxminan 6,8 tonna parranda go‘shti yetishtirish imkoniyati mavjud.
Viloyat bozorlarida parranda go‘shtining chakana narxi o‘rtacha 35–50 ming so‘m atrofida shakllanmoqda. O‘rtacha narxdan kelib chiqilganda, bu mahsulotning umumiy realizatsiya qiymati qariyb 260 million so‘mni tashkil etadi.
Tadbirkor Otabek Safarov mazkur quvvatdagi parrandachilik xo‘jaligi faoliyatini samarali yuritish uchun doimiy ravishda 3–4 nafar ishchini jalb qilgan. Kelgusida yana 2 ta yangi sex foydalanishga topshirilgach, korxonada 10 nafargacha yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Muhimi, bunday loyihalar ichki bozorda parranda go‘shti ta’minotini oshirish, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, bozorda sog‘lom raqobat va tanlov imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Aynan Safarovlar oilasi tashabbusi bugun nafaqat mirvoshiliklar, balki yon-atrofdagi mahallalarda parranda parvarishi va parhezbop go‘sht yetishtirishga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





