Kogon tumani: “Savr” fermer xo‘jaligida ham xorijiy navdan barakali hosil ko‘zlanmoqda
2026-06-04 15:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunda g‘o‘za parvarishlanayotgan dalalarda qator oralariga kultivator yordamida ishlov berish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, begona o‘tlardan tozalab sug‘orish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilgan. Bu jarayonda ishchi kuchi va zarur texnika va mexanizmlardan samarali foydalanilmoqda.
Agronomlar fikricha, qator oralari kultivatsiya ishlovi tuproqning havo va suv o‘tkazuvchanligini yaxshilash, namlikni saqlash hamda o‘simlikning sog‘lom rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, agrotexnik tadbirlar izchilligi dolzarb. Bular barchasi ilg‘or tajribalarni to‘g‘ri qo‘llash va mo‘l hosil yetishtirishning muhim omili.
“Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Savr” fermer xo‘jaligida ham ayni kunda 55 gektar yerda dehqonchilik qilib kelinmoqda. Agrar sohada katta tajribaga ega Hakim Fozilov rahbarligidagi xo‘jalik mirishkorlari shu kecha-kunduzda 23 gektar yerda yetishtirilgan sara bug‘doy hosilini talofatlarsiz o‘rib-yig‘ib olish bilan birga, g‘o‘za parvarishini talabga muvofiq olib bormoqdalar.
— Keyingi yillarda mahalliy nav bilan birga, Xitoy baraka urug‘ini tajriba-sinov tariqasida ekib, mo‘l hosil olayapmiz,—deydi fermer Hakim Fozilov.—Joriy yil erta bahorida 22 gektar yerimizga to‘liq Xitoyning “Shinjon” uslubiga mansub “57” va “87” navlaridagi chigit ekib, parvarishini olib bormoqdamiz. Bu yerdan kuzgi yig‘im-terim davriga borib, har gektar hosildorligini 60 sentnerdan oshirishni maqsad qilganmiz. O‘ziga xos innovatsion yondashuv asosida bultur shuncha yerdan 140 tonnadan ziyod “oq oltin” xirmonini ko‘targanmiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






