Shofirkon: irrigatsiya tarmog‘ini yaxshilashga qariyb 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi
2026-06-04 10:40:00 / Yangiliklar
Shofirkon tumanida aholi tomorqalarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘orish tarmog‘i samaradorligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Islom taraqqiyot banki” guruhi ishtirokidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” dasturining birinchi bosqichi doirasida tumanning qator mahallalarida irrigatsiya tarmog‘ini yaxshilashga doir muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Dastur asosida Mirzoqul, Xorkash, Do‘rmon, Bobur, Tezguzar va Pashmon mahallalarida umumiy uzunligi 15,6 ming metr irrigatsiya tarmog‘ini ta’mirlash va betonlashtirish ishlari uchun qiymati 6 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ahamiyatli jihati, bu sa’y-harakatdan ko‘zlangan maqsad sug‘orish tarmog‘ida suv yo‘qotilishining oldini olish, tomorqa va ekin maydonlarini suv bilan barqaror ta’minlash sifatini sezilarli darajada yaxshilash uchundir. Bu o‘z navbatida, aholi daromadlarini oshirish, dehqonchilik hosildorligini oshirish, “obi hayot”dan tejab-tergab foydalanishga xizmat qiladi.
Shu kunlarda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida Jo‘yrabod mahallasidan o‘tuvchi katta ariqni betonlashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 648 million so‘mni tashkil etib, ariq o‘zani betonlashtirilishi natijasida suv sarfini kamaytirish, aholi tomorqalarini sug‘orish sifatini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, viloyatda “Og‘ir mahallalarni rivojlantirish” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan tumandagi Boboato, Ko‘rishkent va Iskogare mahallalarida ham irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash maqsad qilingan. Mazkur dastur asosida qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 3 ming metrdan oshiq ariq o‘zanini betonlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
“Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” dasturi asosida ayni paytda Bog‘iafzal mahallasida ham ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda. Loyiha doirasida uzunligi 1,7 ming metr uzunlikdagi ichki ariq o‘zani qiymati 600 million so‘m mablag‘ hisobidan betonlashtirilmoqda.
Tumanda amalga oshirilayotgan bu loyihalar nafaqat irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, balki suv resurslaridan oqilona foydalanish, dehqon va tomorqa egalari uchun qulay sharoit yaratish, qishloq hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholi turmush tarzini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









