Romitan: poyjo‘yliklar uchun zamonaviy andozadagi maktab barpo qilinmoqda
2026-06-03 14:50:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-393-sonli qarori asosida Romitan tumani, “Poyjo‘y” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi farzandlari uchun ham yangi umumta’lim maktabi qurilishi boshlangan.

Ilgari mahalladagi 700 nafarga yaqin maktab o‘quvchisi bir necha chaqirim yo‘l bosib, katta magistral yo‘l orqali 19-sonli maktabga qatnashga majbur edi. Bu nafaqat bolalar uchun charchoq, balki, har bir ota-ona uchun doimiy xavotirlanishlariga sabab edi.
— Mahallada yangi maktab qurilayotganini eshitib, ayniqsa, ota-onalarning boshi osmonga yetdi. Katta yo‘l bo‘ylab bolalarning qatnovi bizni doim xavotirga solardi. Bu ta’lim maskani qurilishi mahallamiz uchun haqiqiy xursandchilik,—deydi shu mahalla xotin-qizlar faoli Roziya Rahimova.
Yangidan barpo qilinayotgan inshootda pudratchi subyekt "Bobur Azamat Temur" MChJ quruvchilari tomonidan ayni kunda o‘quv korpusi va yordamchi binolar poydevorini quyish, qishki va yozgi sport inshootlari, oshxona va ustaxona binolarini barpo etish, ishchi-xodimlar uchun shart-sharoit yaratish ishlari bajarilmoqda.
Ish yurituvchi Temur Ikromovning ta’kidlashicha, hozirda inshootda beton quyuvchilar, duradgor, ustalardan iborat ellikka yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Ish sifati va unumdorligi tuman hokimligi tomonidan doimiy nazoratda. Umumiy qiymati 10 milliard 740 million so‘m bo‘lgan bu zamonaviy maktab binosini mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu maskan zamonaviy andozadagi bilim dargohi, poyjo‘yliklar uchun eng ulug‘ va eng aziz bayramga munosib tuhfa bo‘ladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




