Buxoroda yana bir zamonaviy toʻrt yulduzli mehmonxona ochildi
2026-06-03 09:40:00 / Yangiliklar

Tahlillarga koʻra, 2025-yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 7,5 mln. nafar, shundan, xorijiy turistlar soni 2,7 mln nafardan ortib, 2016-yilga nisbatan 15 baravarga koʻpaydi.
Ayni paytgacha, Buxoro viloyatida katta-kichik hajmdagi 717 ta mehmonxona negizida 18,5 ming nafar mehmonni qabul qilish quvvati yaratildi.
Yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida Buxoro shahrida yana bir zamonaviy mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi.
“Sharq yulduzi muqaddas” MCHJ tomonidan barpo etilgan “Poykent Bukhara Old City” nomli mazkur yangi mehmonxona toʻrt yulduzli boʻlib, 248 oʻrin, 129 ta har xil turdagi (2-3 kishilik, VIP) xonalardan iborat. Mehmonxona ishga tushishi bilan 110 yangi ish oʻrni ham yaratildi. Endilikda bu yerda ishlovchi yigit-qizlar mehmonxona boshqaruvida xorij tajribasini oʻrganib, dual taʼlim asosida turizm sohasida zamonaviy xizmat koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlishadi.
25 mlrd mablagʻ hisobiga bundyo etilgan bino 2-3 qavatli boʻlib, oʻzida milliy meʼmorchilik anʼanalarini aks ettiradi. Sayyohlarga qulay boʻlishi uchun mazkur bino Buxoroning eski shahar qismida bunyod etilgan. Inshoot jahon andozalari darajasida jihozlangan. Mehmonxonaga zamonaviy isitish va sovutish tizimlari oʻrnatilgan. Bu yerda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat koʻrsatadi. Eng eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur mehmonxonadan eski shahar boʻylab piyoda yurib borish mumkin, transportga ham hojat yoʻq.
Eʼtiborga molik fakt: Mazkur obyekt “Poykent Bukhara” mehmonxonalar tarmogʻining 5-mehmonxonasi boʻlib hisoblanadi.
Binoning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov, Oʻzbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova, turizm sohasi vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov yigʻilganlarni yangi turizm obyekti foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tabrikladi. Viloyat rahbari Prezidentimizning tashabbusi bilan Buxoroga dunyo ahlining qiziqishi ortib borayotgani va sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish yoʻlidagi har bir taklif, tashabbuskorlik qoʻllab-quvvatlanishi hamda ayni tadbirkorning mehnatsevarligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Bu dargoh milliy mehmonxonalar zanjirini, xususan, milliy mehmonxona brendini yaratish va butun dunyoga tanilishida muhim ahamiyat kasb etishi, bu esa Buxoroda turizmni yanada jadal rivojlanishida, Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan tashrif buyuradigan koʻplab sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatishga zamin yaratishi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida mehmonlar majmuada yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









