Kogon tumani: “Navro‘z” mahallasida yashovchi tashabbuskor 5 nafar ayolni ishli qildi
2026-06-02 10:20:00 / Yangiliklar

U o‘z xonadonida yakka tartibda turli shirinliklar tayyorlashni boshlaganiga ham 3-4 yil bo‘libdi. Tinib-tinchimas, izlanuvchanligi, mahsulot sifati va mijozlar ishonchini qozonishga bo‘lgan intilishi tufayli Nazokat qisqa muddatda faoliyatini sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugunga kelib u “Nazokat pishiriqlari” yorlig‘i ostida xaridorgir mahsulot—shirinliklari bilan o‘z biznes ishini rivojlantirmoqda. Ayni paytda mo‘jaz sexida 10 turdan ortiq shirinlik va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarib, xaridorlarga taqdim etmoqda. Pryanik, rulet, pirog va boshqa xushxo‘r mahsulotlari sifati, ta’mi va tabiiy toza pishiriqligi bilan xaridor buyurtmachilari sonini oshirmoqda.
Nazokat Haydarovaning ishbilarmonlik faoliyati nafaqat o‘z oilasi turmush farovonligini yaxshilashga, balki mahalladagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni daromadli qilishga ham xizmat qilmoqda. Hozirda u 5 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan. Shu bilan birga, pazandachilik va qandolatpazlikka qiziqadigan yosh qizlarga o‘z tajribasi va kasb sirlarini beminnat o‘rgatib, kelgusida ular mustaqil faoliyat boshlashlariga ko‘maklashmoqda.
Ayni paytda mo‘jaz sexda samarali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani natijasida har oyda o‘rtacha 12 million so‘mga yaqin daromadga erishilmoqda. Sex ishchi pazandalari mehnatsevarligi, izlanuvchanligi natijasida aholi dasturxonini shirinliklar bilan ta’minlashga hissa qo‘shilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





