Kogon tumani: Jumagul Tosheva tomorqadagi mehnati ortidan ro‘zg‘origa qut-baraka kiritmoqda
2026-06-01 16:20:00 / Yangiliklar

Niyozhoji mahallasi, Vadan qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Jumagul Tosheva ham ayni kunda o‘zining halol, samarali mehnati bilan oilasi turmush tarzini yaxshilashga munosib hissa qo‘shayotgan mehnatkash oila bekalaridan biri. U tomorqasi va undagi issiqxonadan yil davomida unumli foydalanib, dehqonchilikdan daromad topmoqda. Muhimi, halol mehnat ortidan kelayotgan fayz-baraka totuv oilaning turmushida yaqqol sezilmoqda.
Ayni kunda xonadonda barpo qilingan 2 sotixdan iborat issiqxonada pomidor hamda 1 sotix yerda bodring yetishtirilmoqda. Har bir niholga mehr bilan qaralib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, talab darajasida amalga oshirilayotgani bois, ekinlar serhosil bo‘lib o‘smoqda. Dehqonchilik ishlarida oila a’zolari birdek jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Ana shunday ahillik va mehnatsevarlik tufayli mo‘jazgina tomorqadan mo‘may daromad olish mumkinligi amalda namoyon qilinmoqda.
—Issiqxonamiz yerida oila a’zolarimiz bilan birgalikda ter to‘kib, har bir ishni o‘z paytida bajarishga urinamiz. Pomidor va bodring parvarishida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etganimiz bois, mo‘l hosildorlikka erishmoqdamiz,—deydi Jumagul Tosheva samimiy kulib.—Hozirda bu yerimizdan qariyb 700 kilogramm hosil olishni kutayapmiz. Nasib etsa, erishadigan foydamiz ham chakkimas.
Shuningdek, xonadonda chorvachilikka ham e’tibor qaratilib, yaxshigina daromad ko‘rib kelinmoqda. Hozirda xonadonda 5 bosh qoramol parvarish qilinmoqda. Ayniqsa, 2025 yilda xarid qilingan 2 bosh, shved zotli sigir oila daromadini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Sermahsul bu zotdor sigirlardan kuniga deyarli 45 litr sut sog‘ib olinmoqda. Tabiiyki, halol mehnat evaziga xonadon dasturxonidan sut, qatiq, sariyog‘ arimaydi. Bu ham nafaqat bir oila ehtiyojini qondirish, balki qo‘shimcha daromad topish imkonini bermoqda.
Shulardan xulosa qilinsa, birgina Toshevlar uy xo‘jaligi faoliyati misolida halol mehnat, sabr va intilish bilan xonadonda fayzu barakaga erishish mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






