Buxoro tumani: “Shexoncha”da yangi oilaviy bog‘cha faoliyatini boshladi
2026-06-01 11:55:00 / Yangiliklar

O‘tgan yilda jajji o‘g‘il-qiz uchun 9 950 ta qo‘shimcha maktabgacha ta’lim o‘rni yaratilgani holda viloyat bo‘yicha 21 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib ishga tushirilgan va ularga 3 ming nafardan oshiq bola qamrab olingan. Albatta, qamrov yildan yilga ortib borayotgani bolajonlarni erta yoshdan sifatli ta’lim va tarbiyaga jalb etish, ular savodxonligini oshirish yo‘lidagi izchil ishlarning yaqqol samarasidir.
“Shexoncha” mahalla fuqarolar yig‘inida bolalar bog‘chasiga talab va ehtiyoj borligini yaxshi o‘rgangan tashabbuskor tadbirkor Sitora Fatullaeva 50 o‘rinli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini tashkil etdi.
Mazkur oilaviy bog‘chaning ishga tushirilishi mahalladagi yosh bolajonlarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qiladi. Bog‘chada bolalar maydonchasi, oshxona va yotoqxona, o‘yin va mashg‘ulot xonalari zarur inventarlar bilan jihozlangan.
Shuningdek, yangi tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasasida malakali tarbiyachilar tomonidan ertamiz egalariga ilk ta’lim-tarbiya berish, ular intellektual salohiyatini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






