Olot: qo‘sha qarish saodatiga erishgan Atamurodov, Ismatov, Adilovlar oilalari barchaga ibrat
2026-05-29 19:40:00 / Yangiliklar

Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Olot tumanida ham Nuroniylar kengashi raisi Saidquli Oqqiyev boshchiligida ana shunday fayzli xonadonlarda uchrashuv va ehtirom tadbirlari tashkil etildi. Bu tadbirlarda yurt ravnaqi yo‘lida sidqidil xizmat qilgan, mehnati va hayot tajribasi bilan el orasida hurmat-ehtirom qozongan nuroniylar holidan xabar olinib, ularga samimiy tilaklar bildirildi.
Ana shunday ibratli oilalardan biri Atamurodov Nurillo Bobomurodovich xonadonidir. 1947-yilda tavallud topgan zamondoshimiz Samarqand davlat qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. 1965-yilda umr yo‘ldoshi Nozik Atamurodova bilan oila qurgan. Mehnatni e’zozlab kelayotgan bu xonadon bugun fayzu barakaga yo‘g‘rilgan. Nurillo ota xalq xo‘jaligida ko‘p yillar halol mehnat qilib, 1996-yillardan fermer xo‘jaligi rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Mehnatsevar va ahil oilada 7 nafar farzand voyaga yetgan bo‘lib, ulardan 4 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bugun jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar bo‘lib ulg‘aygan. Hozirda esa nuroniy ota-onaning 27 nafar nabirasi va 40 nafar chevaralari bor. Bu esa bir oila va uning ahil-inoq sohiblari uchun ulkan baxt, sharafdir.
Tadbir davomida Ismatov Izzatilla Norqulovich xonadonida ham bo‘linib, nuroniy otaxon va onaxon holidan xabar olindi. 1952-yilda tug‘ilgan Izzatilla Ismatov Toshkent davlat tibbiyot institutida tahsil olgan. 1975-yilda turmush o‘rtog‘i Ismatova To‘xtagul opa bilan oila qurgan. Ular 7 nafar farzandni voyaga yetkazgan bo‘lib, 5 nafar o‘g‘il va 2 nafar qizning kamolini ko‘rishmoqda. El-yurt xizmatidagi samarali mehnati uchun Izzatilla aka “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Ayni kunda otaxon 16 nafar nabiraning mehr va ardog‘ida umr kechirmoqda.
Shuningdek, Adilov Anvar Muhammadovich xonadoni ham fayzli uchrashuv manziliga aylandi. 1954-yilda tavallud topgan Anvar Adilov Buxoro pedagogika institutini tamomlagan. 1977-yilda turmush o‘rtog‘i Gulbahor Adilova bilan oila qurgan. Ular 2 nafar o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazishgan. Bugunga kelib esa 6 nafar nabira va 2 nafar chevara ardog‘ida yashamoqdalar. Anvar aka uzoq yillik samarali faoliyati tufayli “Xalq ta’limi a’lochisi” hamda “Mehnat faxriysi” kabi ko‘krak nishonlariga ham sazovor bo‘lgani katta tajriba, halol mehnat mahsuli, albatta.
Har jabhada ibrat nuroniylarimiz hayot yo‘li, oilaviy tutumi, mehnatsevarligi yosh avlod uchun chinakam ibratdir. Ularning duosi, hayotiy tajribasi va oqilona nasihatlari jamiyatimiz ma’naviy ustunlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Zero, qo‘sha qarib, farzandlar kamolini ko‘rib yashash inson uchun eng ulug‘ saodatdir. Ana shunday fayzli xonadonlarimiz ko‘payaversin, nuroniylarimiz hamisha ardoqda bo‘lishsin!
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









