Peshku: ehtiyojmand va madadga muhtoj oilalar, keksa-nuroniylarga mehr va e’tibor ko‘rsatilmoqda
2026-05-29 19:35:00 / Yangiliklar

Mazkur ezgu tashabbus doirasida tumanda “Ijtimoiy reestr”ga kiritilgan hamda davlat ta’minotida bo‘lgan 605 nafar ehtiyojmand oila holidan xabar olinib, hududda istiqomat qilayotgan yakka-yolg‘iz, ehtiyojmandlar “Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash” elektron axborot tizimiga ro‘yxatga olingani holda, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan jami 71 nafar fuqaroga kundalik iste’moli uchun oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgani ayni muddao. Bunda tuman hokimligi va mahalla mas’ullarining o‘rni va ishtiroki bor, albatta.
Ana shu xayrli amallarning davomi sifatida yurtimizda Qurbon hayiti bayrami nishonlanayotgan shu kunlarda Peshkulik yakka-yolg‘iz, ehtiyojmand oilalar uchun ehson tadbiri, xayriya dasturxoni yozildi.
Xususan, tumandagi “Nihol” to‘yxonasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar hamda madadga muhtoj keksa-nuroniylar uchun mehr va e’tibort ko‘rsatilib, ulardan hol-ahvol, ko‘ngil so‘raldi.
Samimiy ruhda o‘tgan tadbir avvalida Qur’on tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va ezgu ishlar bardavom bo‘lishi tilab duolar qilindi. Tuman hokimligi, saxovatpesha homiylar, jamoatchilik vakillari tadbirda so‘z olib, yurtdoshlarimizni muborak ayyom, xalqimizga xos bag‘rikenglik bayrami bilan samimiy tabrikladilar.
Tadbirda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar va keksa avlodga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz Prezidenti rahnamoligida olib borilayotgan insonparvar siyosatning amaliy ifodasi ekani alohida e’tirof qilindi. Tantanada nuroniylar tomonidan davlatimiz rahbariga xalq farovonligi, yurt tinchligi va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati uchun samimiy minnatdorlik bildirilib, duoyu salomlar yo‘llandi.
Mahalla va qishloqlarda Qurbon hayiti kabi muborak ayyomlarda tashkil etilayotgan bunday ehson va saxovat tadbirlari jamiyatimizda mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





