Buxoroliklarga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi
2026-05-29 19:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, davlatimiz rahbarining “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Buxoro viloyatining 5 nafar vakili ham bor.
Bugun viloyat hokimligida mukofot sohiblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, viloyat faollari, jamoatchilik vakillari, yoshlar qatnashdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov mukofotga sazovor boʻlgan viloyat vakillarining har biri erishgan yutuqlarga alohida-alohida toʻxtalib, el-yurt oldidagi mehnatlarini eʼtirof etdi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida madaniyat va sanʼat sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik tufayli bu yoʻnalishda chinakam yuksalish davri boshlandi.
Qadimiy va tabarruk Buxoro zaminida ham bugun madaniyat va sanʼat sohasi yangi nafas, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilayotgan nufuzli festivallar, jumladan, “Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi”, “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik” festivali, shuningdek, “Ipak va ziravorlar”, Hunarmandlar kuni, Nasriddin Afandi kabi festivallar, “Qovun sayli”, “Palov sayli” va “Mahoratli pazandalar tanlovi” kabi tadbirlar milliy madaniyatimizning jozibasini butun dunyoga namoyon etmoqda.
Soʻnggi yillarda madaniyat muassasalarini zamonaviylashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Xususan, faqatgina 2017-2025-yillar davomida viloyatdagi 13 ta madaniyat markazlari taʼmirlandi, Olot, Gʻijduvon, Jondor tumanlarimizda madaniyat boʻlimlarining yangi binolari qurib foydalanishga topshirildi.
Birgina 2025-yil davomida respublika va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 37 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi.
Tadbirda davlat mukofotlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan mukofot sohiblari koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va eʼtirof uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









