Kogon tumani: Qurbon hayiti—xayriya va saxovat, bag‘rikenglik namunasi
2026-05-29 12:55:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbarining shu yil 21-maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-196-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kogon tumanida ham savobga yo‘g‘rilgan xayr-saxovat tadbirlari hamjihatlikda tashkil etildi.

Yurt mehri, kattalar e’tibori va g‘amxo‘rligini ayni kunda kogonlik har bir bola ham birdek his qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning 10 nafariga omonat hisob varaqlari ochilib, har biriga 200 AQSh dollaridan mablag‘ o‘tkazib berildi.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida tuman hokimligi mas’ullari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan vasiylik, homiylik va patronat asosida tarbiyalanayotgan bolalar xonadonlariga borildi. Manzilli tashrif davomida bolajonlarga Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tabriklari, esdalik sovg‘alari yo‘llandi.
Shuningdek, bu toifadagi oilalarning yashash sharoiti, bolalarning ta’lim-tarbiyasi, ijtimoiy muhofazasi, salomatligini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan ikki nafar bolaning axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishi va ta’lim olishi uchun kompyuterga ehtiyoji borligi inobatga olingani holda ularga tuman hokimligi tashabbusi bilan zamonaviy rusumdagi noutbuklar topshirildi. O‘z navbatida, bolalar va ularning yaqinlari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun hukumatimizga minnatdorlik bildirildi.
Qurbon hayiti munosabati bilan tumandagi “Farzona” to‘yxonasida kam ta’minlangan, ehtiyojmand va nochor ahvolda yashayotgan oilalar uchun xayriya tadbiri tashkil etildi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj 170 nafar oila vakili hamda nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdilar.
Tadbirda mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik qadriyatlari yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tadbirda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligini oshirish, turmush sifatini yaxshilash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar haqida fikr-mulohazalar bildirilib, dildan suhbat avj oldi. Samimiy davrada yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi hamda dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









