Kogon tumani: sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tuman boʻlimi hamda davlat soliq inspeksiyasining zamonaviy maʼmuriy binolari qurilishi jadal surʼatda davom ettirilmoqda
2026-05-26 11:30:00 / Yangiliklar

Tuman markazida bir qator davlat tashkilotlari hamda korxonalarning zamonaviy maʼmuriy binolari bunyod etilib, aholiga xizmat koʻrsatish sifati yanada yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, kogonliklarning ishdan boʻsh paytida mazmunli hordiq chiqarishi, yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida yangi madaniyat va istirohat bogʻi barpo qilinib, u bugun hududdagi gavjum maskanlardan biriga aylanmoqda.
Shu kunlarda tuman markazida yana bir nechta muhim ijtimoiy soha inshootlari qad rostlamoqda. Jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi tuman boʻlimi hamda davlat soliq inspeksiyasining zamonaviy maʼmuriy binolari qurilishi jadal surʼatda davom ettirilmoqda.
Jumladan, zamonaviy andozadagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi binosi 3 qavatli inshoot boʻlib, “Yangi zamon projekt” MCHJ loyihasi asosida, pudratchi “Best steel masters” MCHJ binokorlari tomonidan qurilmoqda. Mazkur inshootlar nafaqat hudud infratuzilmasini yanada mustahkamlash, balki aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ushbu ezgu va ulkan bunyodkorlik ishlari davomiyligini taʼminlash maqsadida mazkur inshootlarda viloyat soliq boshqarmasi, tuman hokimligi, tegishli masʼullar tomonidan kundalik nazorat ishlari olib borilmoqda. Ahamiyatli jihati, yangi barpo etilayotgan inshootlar aholi turmush farovonligi, hudud taraqqiyoti va kelajak avlod uchun munosib hayot barpo etishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









