Buxoro tumani: 600 nafar ehtiyojmand fuqaroga hayitlik tarqatildi
2026-05-25 22:50:00 / Yangiliklar

Ayni kunda joylarda Qurbon hayiti munosabati bilan ulamolar, imom-xatiblar, faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mutasaddi va saxovatpesha homiylar tomonidan saxovat tadbirlari doirasida kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Shu munosabat bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qurbon hayiti bayrami arafasida Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 600 nafar kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Ushbu ezgu tashabbus orqali ehtiyojmand oilalarning bayramni munosib, xotirjam va shukronalik ruhida o‘tkazishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ijtimoiy yordam paketlari tarkibidan ro‘zg‘or uchun zarur un, yog‘, guruch, shakar kabi kundalik iste’mol mahsulotlari o‘rin olgan.
Tadbir davomida tashkilotchilar bunday xayriya ishlari jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Mahalliy aholi esa ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, bunday ezgu amallar xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Bunday xayriya tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettirilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi xalqimizga xos bag‘rikenglik va saxovatpeshalikning yorqin namunasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









