Kogon tumani: g‘alla o‘rim-yig‘imiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
2026-05-23 10:00:00 / Yangiliklar
Shu kunlarda Kogon tumanida ham g‘alla o‘rim-yig‘imiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mirishkor dehqon-fermerlar tomonidan yetishtirilgan bug‘doy hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan.

Joriy yilda tumandagi 230 ta fermer xo‘jaligi tomonidan jami 4 ming 511 gektar maydonda g‘alla parvarish qilinmoqda. Tuman g‘allakorlari joriy yilda har gektar hosildorligini o‘rtacha 70 sentnerdan oshirish, yalpi sara bug‘doy xirmonini 31 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilishgan. Ahamiyatlisi, bu hosilning yarmidan ortig‘i fermer xo‘jaliklari mehnat jamoalari moddiy manfaatdorligi uchun sarflanadi.
Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida qishloq xo‘jaligi texnikalari, xususan, o‘rim kombaynlari tuman mashina-traktor parkiga jamlanib, texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Mexanik va mexanizatorlar tomonidan aniqlangan texnik nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish, agregatlarni sozlash, ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish ishlari olib borilmoqda.
Ta’mirlash, kombaynlarni shay qilish ishiga fermer xo‘jaliklari vakillari, mexanizatorlar, shuningdek, tokar, payvandlovchi, temirchi va boshqa mutaxassis ustalar jalb etilgan. Asosiy maqsad dehqonning yil bo‘yi mashaqqat bilan yetishtirgan hosili—rizq-ro‘z manbaini qisqa muddatda, sifatli va talofatlarsiz o‘rib-yig‘ib olishga qaratilgan.
O‘rim mavsumida tumanda 16 ta zamonaviy "Case" rusumli yuqori unumdor g‘alla o‘rish kombaynidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Hozirda ularni texnik sozlash ishlari yakunlanmoqda. Mutaxassislar tomonidan o‘rimga jalb qilinayotgan har bir yuqori unumdor kombayn bilan kuniga o‘rtacha 15 gektar g‘allazor hosilini o‘rib saranjomlash choralari ko‘rilmoqda.
Dalada jonbozlik ko‘rsatadigan 16 ta o‘rim-yig‘im otryadiga 70 ta don tashuvchi transport vositasi, ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi, yoqilg‘i tashuvchi avtomashinalar biriktirilmoqda. Hademay, o‘rimga tushadigan kombaynchi mexanizatorlarni rag‘batlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







