Kogon shahri: “Yoshlik” sport maktabida yangi sport zali ochildi
2026-05-22 13:40:00 / Yangiliklar

Kerakli inventarlar bilan jihozlangan mazkur sport majmuasi boks, kikboksing va taekvon-do sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur shart-sharoitga ega.
—Hududda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishda zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayni kunda shahrimizdagi 19 ta mahalla fuqarolar yig‘inida jami 67 mingdan ortiq aholi vakili umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, shundan 14-30 yoshdagi yigit-qiz soni 23 mingdan oshiqni tashkil etmoqda. Ularni jismonan chiniqtirish maqsadida 12 ta umumta’lim maktabida tashkil qilingan 98 ta sport guruhlariga jalb qilganmiz,—deydi sport maktabi direktori Sardor Ro‘ziev.—Hozirda 1300 dan oshiq yoshlar mazkur sport guruhlarida 38 nafar malakali murabbiy qo‘li ostida sport bilan shug‘ullanishmoqda. Qolaversa, maktabimiz tasarrufidagi 3 ta sport bazasida sport seksiyalarini ko‘paytirib, imkon qadar ko‘proq yoshlarni sportga jalb qilish choralarini ko‘rmoqdamiz.
“Yoshlik” sport maktabida yangidan barpo etilgan sport zali ham shu maqsadda yaratilgan yana bir imkoniyat. Inshoot ochilish tadbirida shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda mutasaddilar yosh sportsevarlarni bu quvonchli voqea bilan samimiy muborakbod etib, unda yaratilgan shart-sharoit kelajakda ulkan yutuqlar sari xizmat qilishiga, o‘sib kelayotgan barkamol avlodning viloyat, respublika va xalqaro musobaqalarda Kogon shahri hamda viloyatimiz sha’nini munosib himoya qilishlariga qat’iy ishonch bildirdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









