Buxoro filialida pediatriya korpusi foydalanishga topshirildi
2026-05-21 19:05:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib muassasada 20 nafar malakali pediatr vrach tomonidan bemor bolalarga diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatiladi. Filialda bir kunda 40 nafardan ziyod, bir yilda 10 ming nafardan ortiq bemorni qabul qilish, ularga yuqori darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.
Filial yangi zamonaviy pediatriya korpusining tantanali ochilish marosimida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, filial rahbariyati, mehnat faxriylari, vrachlar hozir bo‘ldilar. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari B.Adilov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari S.Raximov, Buxoro Davlat tibbiyot instituti professori Sh.O‘roqovlar so‘zga chiqishib, yangi bo’lim jamoasiga samimiy tabriklarini yo‘lladilar.
E’tirof qilinganidek, mazkur korpus aholi farzandlari salomatligini muhofaza qilish, bemor bolalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning yana bir amaliy natijasidir. Filialga murojaat bilan keladigan norasida bemorlardan 8100 nafari statsionar sharoitda yotib davolanadi. Bemor bolalarning qariyb 30 foizi reanimatsiya bo‘limida yotib, salomatligini tiklaydi.
Pediatriya korpusi “Tashabbusli budjet” loyihasi asosida yutib olingan 1 milliard 420 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘i evaziga barpo qilindi. Uni talab darajasida jihozlashda 184 million so‘mlikdan ziyod homiylik mablag‘i juda qo‘l kelib, yangi muassasa foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan maskanda bolalar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkoniyatlarini yanada kengaytirish imkoniyati bor. Mazkur pediatriya korpusida 20 nafar malakali pediatr va bolalar reanimatolog mutaxassisi faoliyat yuritadi. Ular tomonidan bemor bolalarga yuqori saviyada tibbiy diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatiladi.
So‘zga chiqqanlar yangidan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan bino har tomonlama qulay sharoitga ega ekanligini ta’kidlab, quruvchilarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. “Qurilish loyiha” MChJ rahbari B. Toshev, pudratchi tashkilot “Abdug‘ani Shoxruxbek buyuk istiqbol quruvchi” MChJ rahbari A. G‘afforov va boshqalar munosib taqdirlandilar.
O‘z o‘rnida, bo‘lim shifokorlari ushbu yaratilgan shart-sharoitga javoban samarali mehnat faoliyatini yuritish, yosh bemorlarni sifatli tibbiy yordam olishlarini to‘liq ta’minlashi, qasamyodiga sodiq bo‘lib xizmat ko‘rsatishlarini ta’kidladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









