Kogon tumani: ta’mirlash navbati "Tutkunda" mahallasi yo‘liga keldi
2026-05-20 14:15:00 / Yangiliklar

Ayni paytda temiryo‘lchilar tumanida 511 kilometr masofadagi ichki xo‘jalik yo‘li mavjud bo‘lib, 2022-2025 yillar davomida tegishli dasturlar doirasida qariyb 180 kilometr yo‘l qismi qayta ta’mirlanib, asfaltlashtirilgan.
Xususan, “Geofizika” MFY ning Birlik va Navro‘z ko‘chalarida, “4R–65” va "4R–63” rusumli avtomobil yo‘llari “Azizobod-Kogon sh." yo‘nalishidagi yo‘l bo‘lib, uning “Tun-Iroq” MFY dan o‘tuvchi 4 kilometr qismida, "Sorg‘un" mahallasidan o‘tuvchi "4K–182" rusumli, “Kogon sh.–Kattaorg‘un q.–Yanglov–Qiziltepa” yo‘lining 3 kilometr qismi ham yo‘lsozlar tomonidan asfaltlashtirilgan. Bahouddin Naqshband, Yangi turmush, Tutkunda, Beklar kabi mahallalarda ichki yo‘llar asfaltlashtirilib, aholiga qulay va ravon yo‘l solingan.
Ana shunday obodonlashtirish ishlari doirasida yaqinda Tutkunda mahallasi hududidan o‘tuvchi “80 V-128” rusumli mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 3–4,2 kilometr oralig‘ida ham asfaltlashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur loyiha tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi yo‘lsozlari tomonidan talab darajasida bajarildi.
Ta’mirlash jarayonida yo‘lning yaroqsiz qismi to‘liq tekislanib, zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizildi. Natijada bu hududda transport vositalari harakati uchun yanada qulay sharoit yaratilib, aholining qatnovi sezilarli darajada yengillashdi.
Umuman, ko‘p yildirki, o‘nqir-cho‘nqir, yozda chang, qishda loy ko‘pchib yotadigan, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan yo‘llarning ravonligi oshirilib, muammolar o‘z yechimini topayotgani mahalliy aholi uchun katta qulaylikdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







