“Bukhara City”da qurilish sur’ati oshmoqda
2026-05-19 21:15:00 / Yangiliklar

Bu jarayonda majmua direksiyasining mutasaddi xodimlari, investorlar, pudrat tashkilotlari mas’ullari, Qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etadilar.
Navbatdagi o‘rganishda ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy binolar, xizmat ko‘rsatish maskanlari, muhandislik tarmoqlari va tashqi infratuzilmada bajarilayotgan jarayon tahlil qilinib, har bir lot bo‘yicha ishlarning borishi atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, binolarning tashqi qismi, ichki bezak ishlari, muhandislik tarmoqlarini ulash, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda yo‘llarni tartibga keltirish ishlarini jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Investorlar va pudratchi tashkilotlar tomonidan ko‘tarilgan ayrim tashkiliy va texnik masalalar yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, keng qurilish maydoniga aylangan hududda mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, qurilish ashyolari sifatini doimiy nazorat qilish, shaharsozlik talablariga to‘liq rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mas’ul mutasaddilarga ishchi kuchlaridan samarali foydalanish, maxsus texnikalar faoliyatini muvofiqlashtirish va belgilangan rejalar ijrosini jadal ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, 83 gektar maydonni egallagan “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazi ayni kunda 77 ta lotdan iborat bo‘lib, hududda turar joylar, mehmonxonalar, idora va savdo binolari, ta’lim muassasalari, axborot texnologiyalari markazi, muzey, tibbiyot hamda sayyohlik yo‘nalishidagi qator inshootlar barpo qilinmoqda.
Ahamiyatlisi, bugunga qadar 23 ta lot foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, jumladan, 19 ta ko‘p qavatli uy-joy, 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta mehmonxona va 1 ta savdo majmuasi ishga tushirilgan. “Bukhara City” Buxoro shahrining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholi uchun shinam yashash sharoitini yaratish, hudud iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan yirik shaharsozlik loyihalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









