Elchi boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi Buxoro davlat pedagogika institutida bo‘ldi
2026-05-19 18:35:00 / Yangiliklar
Koreya respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon hamda “Toshkent—Koreya” ta’lim markazi mutasaddilaridan iborat delegatsiyaning viloyatimizga amaliy tashrifi doirasida Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi va talabalari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Koreyalik mehmonlarni institut rektori Bahodir Ma’murov boshchiligidagi institut pedagoglari, talaba yoshlar kutib oldilar. Tashrif avvalida oliy ta’lim dargohi fakultetlari jamoasi tomonidan tayyorlangan milliy va ijodiy ko‘rgazmalar namoyish etilib, mehmonlarga talabalarning ilmiy-ijodiy salohiyati, milliy qadriyatlarga bo‘lgan e’tibori hamda zamonaviy yondashuvlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xorijiy delegatsiya Buxoroda koreys tili ta’lim va mashg‘ulot markazida ham bo‘lib, umumiy faoliyati, o‘quv jarayoni, zamonaviy jihozlangan sinfxonalar, talabalarga yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Koreyalik mehmonlarning Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi, rektori bilan samimiy kechgan muloqotda ularga ta’lim sohasidagi o‘zaro ilmiy-innovatsion hamkorlik samaradorligi, xalqaro tajriba almashinuv, istiqbolli loyihalar amaliyoti yuzasidan atroflicha axborot berildi. Institutdagi inkluziv ta’lim xonalari hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga ixtisoslashgan innovatsion auditoriyalar ham delegatsiya e’tiboridan chetda qolmadi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim hamkorligi, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish hamda yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi. Chet el delegatsiyasi institutda ta’lim jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etishda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.
Mehmonlar Buxoroda koreys tilini o‘qitish tizimi va ta’lim sifati yuzasidan iliq fikrlarini bildirib, do‘stona va samimiy qabul uchun minnatdorliklarini izhor etdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








