Romitan: g‘alla o‘rimi uchun 25 ta kombayn va yuk tashuvchi avtomashinalar shay qilinmoqda
2026-05-19 17:00:00 / Yangiliklar
O‘tgan yilgi dehqonchilik mavsumida Romitan tumanida g‘allachilik yo‘nalishidagi 274 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 6414 gektar yerda elimiz rizq-ro‘zi, serhosil navlarga mansub sara bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, bu sa’y-harakat tufayli davlat omboriga 18 ming tonnaga yaqin bug‘doy yetkazib berilgan. Davlatga sotilganidan tashqari, saranjomlangan yana shuncha sara bug‘doy xo‘jaliklar moddiy manfaatdorligini ta’minlamoqda.

Joriy yilgi g‘alla mavsumida ham xuddi shuncha yer maydonida bug‘doy yetishtirilmoqda. Fermer xo‘jaliklarida har gektar hosildorligi 5 tonna atrofida tashkil etgan holda ham tumanda yalpi sara don xirmonini 32 ming tonnaga yetkazish imkoniyati bor.
Bundan tashqari, tumanda ko‘p tarmoqli sub’ektga aylanayotgan “BCT Cluster Agrokompleks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘tgan yil hosili uchun 1900 gektar maydonda g‘alla yetishtirilib, rejadagidan salmoqliroq, jami 10 ming tonnadan oshirib sara don xirmoni yaratilgan bo‘lsa, shundan 6 ming tonna atrofidagi hosil davlat xirmoniga munosib ulush sifatida qo‘shilgan. Bu muvaffaqiyat tuman qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarning jadallashganligi, klaster faoliyatining takomillashayotgani, fermerlar moddiy manfaatdorligi, yerga, mulkka egalik hissining oshgani, zamonaviy usullarning izchillik bilan joriy etilganligi samarasidir.
Kuni kecha tumanda joriy yil rizq-ro‘z manbai—g‘alla hosili o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlangan, boshoqli don ekinlarini qisqa muddatda, sifatli va talafotlarsiz yig‘ishtirib olishga bag‘ishlangan amaliy seminarda dolzarb o‘rim mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Unda tuman hokimligi, agrokompleksga tegishli mas’ullar, agroklaster hamda g‘allachilikda band bo‘lgan fermer xo‘jaliklar rahbarlari, kombaynlar operatorlari qatnashdilar.
Tumanda o‘rim-yig‘im ishlariga jalb etilgan kombayn va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarining texnik holatini doimiy nazorat qilish, ularni mavsumga to‘liq tayyor holda saqlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Joriy yilda 6414 gektar maydonda yetishtirilgan boshoqli don, sara bug‘doy hosilini kechiktirmasdan, sifatli o‘rib olish maqsadida 25 ta kombayn agregati va yuztaga yaqin tashuvchi yuk avtomashinasi jalb qilinmoqda. Ayni kunda texnika vositalari texnik ko‘rigi o‘tkazilib, sozlash, ehtiyot qism bilan ta’minlash ishlari yakunlanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






