Buxoroda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshirildi
2026-05-18 16:55:00 / Yangiliklar

Quvonarlisi, yillar davomida viloyatimizda ibratli xonadonlar soni oshib bormoqda. Chunonchi, 2024-yilda ilk bor viloyatimizdan 13 ta oila bu sharafga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 137 ta oila shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Joriy yilda esa yana 109 ta xonadon vakillari o‘zlarining go‘zal oilaviy qadriyatlari, hayot yo‘llari bilan yuksak mukofot — “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida bugun viloyat hokimligida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Baxtiyor Adilov, Hafiza Artikova, senator Abira Huseynova, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Samoydin Qosimov va boshqalar yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan oila egalarini samimiy tabrikladilar.
E’tirof qilinganidek, hozirda viloyatimizda 615 ming 418 ta oila vakillari tinch-totuvlikda hayot kechirishmoqda. Bu shunchaki raqam emas, balki 615 mingdan ziyod xonadonda baxt, mehr-oqibat, farzandlar kamoli va yurtimiz tinchligi uchun mehnat qilayotgan aholi vakillari, viloyatimizning eng katta boyligidir. Bu yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga maxsus belgi o‘rnatiladi. Unda "Bu xonadonda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oila istiqomat qiladi" degan sharafli so‘zlar bitilgan bo‘ladi. Bu belgi mahalla-kuy, yoshlar va butun jamiyat uchun haqiqiy ibrat mayog‘i bo‘lib xizmat qiladi. Bu xonadonlar ko‘chasidan o‘tgan har bir inson ularga havas bilan qaraydi, farzandlarimiz ulardan namuna oladi.
Jamiyat uchun har bir oilaning mustahkamligi, ayniqsa, yangi qurilayotgan xonadonlarning barqarorligi juda muhim. Joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida viloyatimizda 3 666 ta yangi oila (nikohlar) qayd etildi. Bizning oliy maqsadimiz — mana shu yangi qurilgan xonadonlar, mavjud oilalar ibratli, mustahkam va sog‘lom muhitga ega bo‘lishini ta’minlashdir.
Buxoro viloyatining eng fayzli, ibratli va jonkuyar oilalari qatorida Buxoro shahridan Akram Mirov, Kogon shahridan O‘lmas Hotamov, Vobkent tumanidan Shomurod Rajabov, Jondor tumanidan Murod Yaxshiev, Shofirkon tumanidan Mizrob Salomov, Olot tumanidan Shuhrat Bozorov, Romitan tumanidan Hikmatillo Sharipov, Qorovulbozor tumanidan Rahmatillo Yahyoev, G‘ijduvon tumanidan Sobir Azizov, Peshko‘ tumanidan Shuhrat Fayzullaev, Kogon tumanidan Kamol Po‘latov va boshqalar shunday yuqori sharafga loyiq ko‘rildilar. Ularga ko‘krak nishoni va pul mukofoti topshirildi.
O‘z navbatida, yuksak e’tirof va g‘amxo‘rlik uchun Davlatimiz rahbari va xalqimizga samimiy minnatdorliklarini izhor etgan ibratli oilalar sohiblari aynan oila institutini qo‘llab-quvvatlash jamiyatda namunali xonadonlar safini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









