Jondor: “Istiqlol” mahallasidagi pillakorlar ham “kumush tola” xirmoniga baraka kiritmoqda
2026-05-18 11:10:00 / Yangiliklar
Istiqlol mahallasida ham ipak qurti mavsumi, qizg‘in mehnat jabhasi avjida. Mahallaga 38 quti ipak qurti taqsimlangan bo‘lib, shu kunlarda mashaqqatli mehnat mahsuli, qariyb 2,5 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosini yetishtirish maqsad qilingan. Asosiysi, 22 ta oiladagi xotin-qiz aynan pillachilik orqali ishini topgan. Ular orasida ijtimoiy yordamga ehtiyojmandlari, daromad manbaiga ega bo‘lgan kasanachilar bor.

Jondor tumani Istiqlol mahallasida odatdagiday, tong otmasdan hayot qaynay boshlagan. Xonadonlarda ipak qurtlari parvarishi bilan band ayollar bir zum ham vaqtni boy bermasdan o‘z yumushlariga kirishgan. Kimdir barg tayyorlaydi, kimdir qurtlardan xabar oladi. Astoydil har bir mehnat ortida rizq, ro‘zg‘or va ertangi kunga ishonch mujassam.
Bu yil mahallada 38 quti ipak qurti hududdagi fermer xo‘jaliklari hamda kasanachilar o‘rtasida taqsimlangan. Ayni kunda hududdagi “Eshonov Shoyimqul” fermer xo‘jaligi 22 quti, “Qayim bobo” fermer xo‘jaligi 5 quti, “Obid o‘g‘li Kamol” va “Akmal Erkin o‘g‘li” fermer xo‘jaliklari, shuningdek, yana 5 ta kasanachi xonadoni 3 qutidan ipak qurtini parvarishlab, har qutisidan 75 kilogramga yetkazib “kumush tola” yetishtirish harakatidalar.
Albatta, halol peshona teri ortida oilalar ro‘shnoligi, turmush sifati, undagi odamlar quvonchi, mehnat qadri, moddiy manfaatdorligi yotibdi. Mahallada ipak qurti boqayotgan xonadonlar orasida ijtimoiy reyestrda turuvchi kam ta’minlangan oilalar vakillari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillar bor. Hatto, uzoq yurtdan mehnat migratsiyasidan qaytib, o‘z yurtida rizq topayotgan ayollar ham bugun shu mehnat ortidan ro‘zg‘orini tiklamoqda.
Kasanachi Shamsiya Ochilova ham ana shunday mehnatkash ayollardan biri. U oila a’zolari ko‘magida 1,5 quti ipak qurtini mehr bilan parvarishladi. Bugunga kelib natija esa kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Davlat omboriga 115 kilogramga yetkazib, pilla topshirildi. Uning yuzidagi mamnun tabassum ortida tunu kun qilingan zahmatdan erishilgan rag‘bat mujassam.
Yana bir kasanachi Ko‘klam Tohirov ham bu mavsumda o‘zining mehnati va tirishqoqligini namoyon etib, oila a’zolari bilan birgalikda 2 quti ipak qurtidan 150 kilogram hosil yetishtirdi. Rejadan oshiqcha yetishtirilgan har kilogram pilla uchun mukofot pulini ham tarozi boshida naqd oldi.
Bugun Istiqlol mahallasida pilla yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda. Pillachilik — bu shunchaki tarmoq emas, balki mehnatkash pillakorlar, oilaviy zvenolarni mehnatga chorlaydigan, oilalarga daromad olib kiradigan, muhimi, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan barakali rizq manbai.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






