Olot: kombayn va texnikalar g‘alla o‘rim-yig‘imiga shay qilinmoqda
2026-05-16 20:15:00 / Yangiliklar

Olis tuman mirishkorlari 7 ming 652 gektar yerda sanoat uchun zarur xom ashyo—15 ming 400 tonnadan ortiq paxta yetishtirish maqsadida qattiq mehnat qilib, erta bahorda yerga baraka urug‘ini qadagan bo‘lsalar, xuddi shunday, 2025 yilgi mavsumda tumandagi 202 ta g‘allachilik fermer xo‘jaligi tomonidan jami 5 ming 369 gektar maydonda bug‘doy ekib parvarishlanib, sara g‘alla hosilini 31 ming tonnadan oshirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Ayniqsa, murakkab iqlim sharoitli hududda yuqori hosil yetishtirishga erishilayotgani dehqonlarning astoydil mehnati va zamonaviy agrotexnologiyalarga bo‘lgan yondashuvi samarasidir. Ayni kunda Navoiy, Bahoriston, Chorbog‘, Denov, Sharq yulduzi, O‘zbekiston, Guliston hududlaridagi g‘alla yetishtirilayotgan konturlarda, jumladan, “Suxrobjon Dadaxon”, “Bozor Sulton”, “Jo‘ra Qurbon”, “Farrux Sardor saxovati”, “Parda Juma zamini”, “O‘lmasbek Maqsudov”, “Axtam Sharif”, “Said Chori Saxovati”, “Farhod Sohibjon”, “Xayrullo Yodgorov”, “Shakaroy Sulaymonova” singari o‘nlab fermer xo‘jaliklarida bug‘doyzor agrotexnik talablarga muvofiq to‘liq boshoq hosil qilmoqda.
Shu kunlarda hududda hosilni qisqa muddatda va nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish uchun puxta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Joriy mavsumda tumandagi g‘alla maydonlarida o‘rimni samarali tashkil etish maqsadida 24 ta yuqori unumli kombayn hamda 90 tadan ortiq yuk tashuvchi texnikalarni jalb etish rejalashtirilgan. Texnika parklarida kombaynlarning texnik ko‘rigi o‘tkazilib, ular shay holga keltirilmoqda.
Texnikalarni hozirlash bilan birga, mexanizatorlarning mavsumga tayyorgarligi, dalada ro‘y berishi mumkin bo‘lgan nosozliklar uchun ehtiyot qism, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasini tayyorlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda texnika vositalaridan unumli foydalanish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish, mavsumda samarali mehnat qilayotgan mexanizatorlarni rag‘batlantirishga doir tavsiyalar ham ishlab chiqilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




