Qorovulbozor: cho‘l massividan yana 65 gektar yer maydoni o‘zlashtirilmoqda
2026-05-16 20:05:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli hamda joriy yil 5 fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-49-sonli qarorlari asosida Qorovulbozor tumanida ham bog‘dorchilikda qator istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Bu loyihalar hududda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, eksportbop mahsulot yetishtirish hajmini oshirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish bilan qishloq aholisi moddiy manfaatdorligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega, albatta. Xususan, joriy yil boshidan “Buxoro agro star” MChJ tomonidan tumanning “Navbahor” mahallasidagi “Ziyodullo Mansur” fermer xo‘jaligida 5 gektar yer maydoni tayyorlanib, uzumzor-tokzor barpo etishga jadal kirishilgan.
Hududda mahalliy iqlimga mos, eksportbop va sertifikatlangan “Avatar”, “Lamborjini”, “Manikyur Finger”, “Preobrajenie” va boshqa serhosil navlariga mansub jami 4 ming tupga yaqin uzum ko‘chatlari o‘tqazilib parvarishlanmoqda. Albatta, bu agrotexnik tadbirlar yerdan qisqa muddatda daromad topish imkonini berib, tuproq meliorativ holatini, unumdorligini oshiradi.
Yaqindan boshlab cho‘lquvarlar zaminida yana bir loyiha, 65 gekter yer maydonini o‘zlashtirish, ekishga tayyorlash ishlari boshlandi. "Buxoro Agrostar" kompaniyasi bu borada ham mexanizatsiyalashgan jamoasi bilan jadal ishga kirishib, kuniga katta hajmdagi tuproq ishlarini bajarmoqda.
Hademay, 65 gektar yer maydonida zamonaviy agrotexnik talablar asosida uzumzor barpo etish, shuningdek, qator oralarida sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishga kirishiladi. Muhimi, mazkur xayrli tashabbus tufayli yana o‘nlab oilalar uchun daromad manbai, aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash yo‘lida agroiqtisodiy muhit yaratiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









